Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Atletiko»: Barqarorlik bor, endi navbat chempionlikkami?

«Atletiko»: Barqarorlik bor, endi navbat chempionlikkami?

Baho:
+ | -

Diyego Simeone qo‘l ostida «Atletiko» ajib barqarorlikni namoyish etmoqda.

«Matraschilar» qatorasiga 11 mavsumda marraga sovrindor uchlikda yetib kelishdi. To‘g‘ri, so‘nggi mavsumda jamoa 4-pog‘onani band etdi. Biroq muhimi, yana YECHL yo‘llanmasini naqd qildi.

Argentinalik mutaxassis davrida «Atletiko» ikki marta La Ligada zafar quchdi va har gal marrani hech kim kutmagan pallada birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Endi muxlislar «matraschilar»dan navbatdagi chempionlikni talab qilish uchun yetarli asoslarga ega bo‘lishdi.

Hozirda «Atletiko» yozgi darchada eng qudratli transfer xaridlarini amalga oshirgan jamoa bo‘lib turibdi. Ya’ni, nomlar bo‘yicha eng qudratli transfer. Agarda faqat mablag‘ni hisobga oladigan bo‘lsak, «Chelsi» ko‘proq mablag‘ sarflagan. Lekin futbolchilarning saviyasi bo‘yicha madridliklar «ko‘klar»dan oldindalar. Ayniqsa, 2024|25 yillar mavsumi start olganini inobatga olganda, albatta. Yaqin kelajakdagi 4-5 yil ichida «Chelsi» o‘smirlari ham ulg‘ayib, saviya bobida o‘zib ketishlari hech gapmas.

«Atletiko»ning so‘nggi transfer darchasidagi xaridlari quyidagicha:

  •  Konor Gallaxer, «Chelsi»dan 42 mln. yevroga. (hali e’lon qilinmadi);
  •  Xulian Alvares, «Manchester Siti»dan 75 mln. yevroga (20 mln. bonus qo‘shilishi mumkin);
  •  Roben Le Norman, «Real Sosyedad»dan 34,5 mln. yevroga;
  •  Aleksandr Syorlot, «Vilyarreal»dan 32 mln. yevroga.

Oxirgi 3ta transferni «Atletiko» rasman e’lon qildi, Gallaxer esa hozir Madridda va yaqin kunlar ichida e’lon qilinadi. Jamoaga, ayniqsa, keksayib borayotgan himoya markaziga tarkibni kuchaytirish zarur. Biroq endi murabbiy futbolchilarni qaysi uslubda maydonga tushirishi tushunarli emas. O‘zgarishsiz qolishi lozim bo‘lgan yagona jihat - 3 nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynash. Chempionat startidan bir hafta avval jamoa «Yuventus»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida shu usulni qo‘llagandi.

Markaziy hujumchi rolida Syorlot maydonga tushdi, himoyalanish paytida Antuan Grizmann yarim himoya chizig‘ining o‘ng qanotida, Samuel Lino esa chap qanotda to‘p surishdi. Vaholanki, o‘tgan mavsumda jamoa ko‘proq 5-3-2 taktik sxemasida maydonga tushgandi. Ajablanarli jihati shundaki, hatto 2 nafar hujumchi bilan bo‘lgan o‘yinda ham Syorlotning asosiy tarkibdagi o‘rni notabiiydek tuyulardi. Vaholanki, o‘tgan mavsumda faqat La Liga doirasida 23ta gol urgandi (hammasini o‘yindan urgan). Alvaresning qimmatbaho transferi aynan u asosiy tarkibda to‘p surishidan dalolat beradi. Grizmann bilan juftlikda o‘ynashi ham mumkin.

Xulian oldingi chiziqning istalgan pozisiyasida to‘p sura olishiga «Siti»dagi o‘yinlari orqali guvoh bo‘lganmiz. Jumladan, qanotlarda ham. Boz ustiga, o‘tgan mavsumni u ko‘proq qanotlarda o‘tkazdi. Demak, hujumchi yangi mavsumda ham markazdan voz kechishi mumkin. Himoya chog‘idagi 5-4-1 sxemasida Grizmannga ham, yangi kelgan Syorlot va Alvaresga ham joy topiladi. Hujum chog‘ida sxema 3-4-3 ko‘rinishini oladi. To‘g‘ri, qaysidir markaziy yarim himoyachi ortiqcha bo‘lib qolishi ham mumkin. Aftidan, harakatchan Gallaxer Kokening o‘rindoshi bo‘ladigandek.

E’tiborli jihati shundaki, start arafasidagi bosh repetisiya bo‘lgan «Yuventus»ga qarshi bahsda (2:0) faqat zaxiradan maydonga tushgan Joau Felish o‘yindan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Portugaliyalik iqtidor bilan murabbiy o‘rtasidagi munosabat samimiy emas, Madridni tark etsa kerak. «Atletiko» uning 50 mln. yevrolik transferi xususida «Chelsi» bilan muzokara olib bormoqda. Avvalroq klub Alvaro Morata (13 mln.) va Chag‘lar Seyunjudan (8,5 mln.) voz kechgandi. Shuningdek, Saul Nigesni ijaraga berib, Memfis Depay, Mario Ermoso, Stefan Savich va Gabriel Paulista bilan shartnoma muddatini uzaytirishni istamagandi. Shu tariqa ish haqi bayonnomasi ancha yengillashib qolgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi stadion evaziga «matraschilar» sezilarli darajada ko‘proq daromad olishmoqda. Kelasi yil yozida klublar o‘rtasidagi JCH 50 mln.dan ko‘proq foyda keltiradi. Shu sababli ko‘p sonli xaridlar La Liga va UYEFAning moliyaviy reglamentiga zid bo‘lmasa kerak. Qolaversa, klub yana bir nafar markaziy himoyachini tarkib jalb etish niyatida - yangiliklarda «Al-Nasr»lik Emerik Laporta va «Feyenoord» vakili David Gansko nomlari zikr etilmoqda.

R.IBROHIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:30, 07.09.2024.
O'qildi: 833 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.