Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ajabtovur hujumchi tarixi

Ajabtovur hujumchi tarixi

Baho:
+ | -

10 avgust sanasida «Tottenxem» o‘z tarixidagi rekord transferni amalga oshirib, «Bornmut» hujumchisi Dominik Solankeni 64,3 mln. yevro va bonuslar evaziga xarid qilgani ko‘pchilik muxlis va mutaxassislarni hayron qoldirdi. Biz esa uning faoliyatini yoritishni lozim topdik.

Dominik Redingda, nigeriyalik yigit va ingliz ayol oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi «Arsenal» muxlisi tabiiyki, farzandini futbolga jalb eta boshladi: «Otam meni «Arsenal» o‘yinlariga olib borardi. Men Emireyts Kubogi turnirining juda ko‘p o‘yinlariga guvoh bo‘lganman».

Biroq bolakay 7 yoshli paytida «Chelsi»ning yoshlar akademiyasidan joy oldi. U yerda Solanke turli yosh toifasidagi jamoalarda samarali to‘p surib, noyob iqtidor sohibi maqomida tanildi.

2014 yil

2013|14 yillar mavsumida bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Angliya Kubogi turniri finalida Dominik dublga erishib, o‘z jamoasiga sov­rinni hadya etdi. Yozda navqiron hujumchi asosiy tarkibning mavsumoldi tayyorgarligi safariga jalb etilib, «Volfsberg», «Olimpiya» va «Vitess» klublariga qarshi bellashuvlarda o‘z mahoratini namoyish etdi. Tez orada «Chelsi» Solankega to‘la qonli shartnomani taklif etdi.

Kuz faslining asosiy qismini yosh iqtidor 18 va 21 yoshli jamoalar chempionatida, shuningdek, asosiy jamoadan chorlov olgunga qadar UYEFA o‘smirlar ligasida o‘tkazdi. «Ko‘klar»ning 18 oktyabrdagi «Kristal Pelas»ga qarshi bellashuvida Dominik ishtirok etmadi, lekin 3 kundan keyin u YECHL doirasidagi «Maribor»ga qarshi uy uchrashuvining (4:0) 73-daqiqasida Oskar o‘rniga zaxiradan maydonga tushdi. «Nihoyat, debyutni nishonlaganimdan behad mamnunman. «Stemford Brij»dagi mazkur uchrashuvni hech qachon unutmayman», - degandi Solanke «Chelsi» TV muxbiriga.

Shu o‘rinda Solanke va uning jamoasi muvaffaqiyati bilan yakunlangan UYEFA O‘smirlar ligasi musobaqasini yodga olmaslikning iloji yo‘q. Dominik guruh bosqichidayoq 7ta gol bilan yetakchi to‘purarga aylangan, «Chelsi» esa finalda «Shaxtyor»ni 3:2 hisobida mahv etib, g‘olib chiqqandi. Hal qiluvchi bahsda g‘alabaga gol va assist bilan hissa qo‘shgan Dominik esa 9ta o‘yinda 12ta gol urib, eng yaxshi to‘purar unvonini olgandi.

Terma jamoa doirasida ham Solanke yetakchi rolda. 17 yoshlilar jamoasi bilan Yevropa chempioni va eng yaxshi to‘purar bo‘lgan. «Bu juda ajoyib, o‘z vatani bilan turnirda zafar quchishni har bir bolakay orzu qiladi», - degandi hujumchi uefa.som muxbiriga.

Niderlandiyadagi  mavsum

2014|15 yillar mavsumining qolgan qismini Dominik yoshlar jamoasida o‘tkazdi. 2015 yilda «Chelsi» yoshlar o‘rtasidagi Angliya Kubogi turniri finalida «Manchester Siti»ni yengib, nufuzli sovrinni saqlab qoldi. Lekin Solankega tarkibdan joy bera olmadi va uni ijaraga berishga qaror qildi. Shu tariqa hujumchi «Vitess»ga yo‘l oldi. O‘tgan mavsumni 5-o‘rinda yakunlagan jamoa YEL yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan, 18 yoshli qahramonimiz jamoani guruh bosqichiga olib chiqish, ichki chempionatda esa yuqoriroq o‘rinni egallashga yordam berishi kutilgandi. Biroq nafaqat Dominik, balki jamoa uchun ham mavsum omadsiz o‘tdi. Hujumchi 25ta o‘yinda atigi 7ta gol urdi, «Vitess» esa chempionatni 9-o‘rinda yakunladi, YELda «Sautgempton»ni yenga olmay, guruh bosqichiga chiqa olmadi. 30 iyunda Solanke «Chelsi»ga qaytdi.

Angliyadagi  faoliyatning davomi

2016|17 yillar mavsumi ham Solankega muvaffaqiyat keltirmadi. U ikkinchi jamoadagi 5ta o‘yinda 2ta gol urdi, xolos. Lekin terma jamoada yana sermahsul o‘yin ko‘rsatdi. 20 yoshlilar o‘rtasidagi JCH finalida Angliya Kalvert-Lyuinning goli evaziga Venesueladan ustun kelgan, Solanke esa 4ta gol bilan to‘purarlar safidan joy olgandi. 2017 yil yozida shartnoma muddati tugagach, Dominik erkin agentga aylandi.

Keyin hujumchi o‘z faoliyatini «Liverpul»da davom ettirdi. Taajjubki, mavsumoldi tayyorgarligida ijobiy taassurot qoldirgan bo‘lsada, rasmiy uchrashuvlarda yorqin o‘yin ko‘rsata olmadi va zaxira o‘yinchisi bo‘lib qoldi.

Keyingi mavsumning birinchi davrasida vaziyat o‘zgarmagach, «qizillar» hujumchini transferga qo‘yishdi.

4 yanvarda Solanke «Bornmut»ga o‘tdi. «Bornmut» meni o‘zining o‘yin uslubi va murabbiyi tufayli qiziqtirib qo‘ygandi. Qarorim to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lgandim», - degandi Dominik «Gol» nashri muxbiriga. Biroq u dastlabki to‘liq mavsumda 32 marta maydonga tushib, bor-yo‘g‘i 3ta gol urdi. Jamoa esa Chempionshipga tushib ketdi.

2020|21 yillar mavsumida hujumchi sermahsul o‘yin ko‘rsatib, 40ta o‘yinda 15ta gol va 11ta samarali uzatma muallifi bo‘ldi. Lekin jamoa 6-o‘rinni egallab, elitaga chiqish uchun kechgan bellashuvda «Brentford»dan yengildi. Shundan keyin Arnau Danjuma va Diyego Riko kabi yetakchi o‘yinchilar jamoani tark etishdi. «Fulxem»ning sobiq bosh murabbiyi Skott Parker «Bornmut»ga o‘tdi.

Mavsumni 4-2-3-1 sxemasi bilan boshlagan «Bornmut» qishda uslubni 4-4-2ga o‘zgartirdi. Ikki nafar hujumchi bilan o‘ynash usuli Solankega xalal bermadi, mavsumni u 29ta gol bilan yakunladi. Jamoa esa 2-o‘rin bilan APLga ko‘tarildi.

Biroq elitaga qaytish jarayoni oson kechmadi. «Liverpul»dan qabul qilingan sharmandali (0:9) mag‘lubiyatdan keyin Parker iste’foga chiqarildi, uning o‘rnini Geri O~Nil egalladi. Start omadsiz boshlangan, Dominikning mahsuldorligi ham pasayib (33ta o‘yinda 6ta gol, 7ta assist) bo‘lsada, jamoa elitadagi o‘rnini boy bermadi.

Keyingi mavsumda Solanke 38ta o‘yinda 19ta gol urib, to‘purarlar ro‘yxatida 6-o‘rinni egalladi, jamoa esa 48 ochko bilan o‘z tarixida APLdagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Endi ajabtovur qahramonimizdan «Tottenxem»dagi hujumchilarga tegishli muammolarni bartaraf etishda faol bo‘lishini kutib qolamiz.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:23, 08.09.2024.
O'qildi: 969 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.