Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/12 00:45 Lechche - Yuventus
02/12 01:00 Real Sosyedad 2-0 Betis
03/12 00:45 Roma - Atalanta
03/12 01:00 Sevilya 1-1 Osasuna
03/12 23:00 Malyorka - Barselona
04/12 00:30 Ipsvich - Kristal Pelas
04/12 01:15 Lester - Vest Xem

Penaltilar dahosi ham tugatdi

Penaltilar dahosi ham tugatdi

Baho:
+ | -

Shveysariya terma jamoasi darvozaboni Yann Zommer o‘z faoliyatini yakunlaganligini e’lon qildi.

Bu hozirgi davrning muhim voqeasi. Futbolchi 30 yoshdan keyin chinakam yulduzga aylandi va milliy jamoa libosida bizga unutilmas lavhalarni hadya etdi.

PENALTILAR DAHOSI

Zommer JCH-2014dan keyin terma jamoaning asosiy darvozaboni maqomini oldi. Ungacha darvozani «Volfs­burg»dagi o‘yinlari bilan tanilgan Diyego Benalyo qo‘riqlagandi. O‘sha turnirda Shveysariya 2-o‘rin bilan guruhdan chiqqan va 1|8 finalda Argentinaga imkoniyatni boy bergandi.

2014 yilning 20 avgustida 30 yoshli Benalyo terma jamoadagi faoliyatiga nuqta qo‘ygach, Yann uning o‘rnini egalladi va 10 yil davomida ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Vaholanki, terma jamoa zaxirasida Roman Byurki va Gregor Kobel kabi mohir pos­bonlar yo‘q emasdi. Nima uchun aynan Zommerga ishonch bildirildi?

Javob oddiy - Yann ulardan ko‘ra ishonchliroq edi. Terma jamoaning 94ta uchrashuvidan 35tasida u o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minlay olgandi. Grandlikka da’vo qilmaydigan Shveysariya uchun maqtashga arziydigan ko‘rsatkich.

Nisbatan past bo‘yli (183 sm.) darvozabon oyoqlari bilan yaxshi o‘ynashi, sakrash qobiliyati va to‘g‘ri pozisiyani tanlay olishi evaziga ajoyib seyvlarni namoyish etardi. Yann hatto «to‘qqizlik»ka yo‘llangan to‘plarni ham qaytara olardi.

2 marta Ramosni dog‘da qoldirgan. 2020 yilda Serxio Ramos qit’aning eng zo‘r penaltilar ustasi maqomiga ko‘tarilgan, 32 urinishdan atigi 3tasida «nuqta»dan yo‘llagan to‘pi golga aylanmay qolgandi. Biroq noyabr oyida u chinakam posbonga duch keldi. YEML turnirining Shveysariya - Ispaniya uchrashuvida mergan himoyachi 2 marta 11 metrli jarima zarbasini golga aylantira olmadi. Natijada Zommer «duel»da g‘olib chiqib, o‘z jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. E’tiborlisi, bungacha Serxio qatorasiga 25ta penaltini bexato amalga oshirgandi.

Italiyani JCH-2022dan mahrum etdi. Jorjinyo ham taniqli penalti ustasi. Biroq JCH-2022ning saralash bosqichida u ham Zommer darvozasini ishg‘ol eta olmadi va uchrashuv 0:0 hisobi bilan nihoyasiga yetdi. Qizig‘i, 2 oydan keyin Shveysariya Italiyaga qarshi yana maydonga tushdi va Yann ikkinchi marta Jorjinyodan ustun keldi. Shu tariqa Zommerning jamoasi «S» guruhidan joy oldi, Italiya esa to‘qnash uchrashuvida Shimoliy Makedoniyani yenga olmadi.

Penaltilar seriyasidagi seyv va Fransiyaning nimchorak finaldan o‘ta olmagani.

Zommer Yevro-2020 turnirida ham mo‘’jiza muallifi bo‘ldi. O‘shanda u fransuzlarning yetakchi yulduzi bo‘lmish Mbappening zarbasini qaytarib, Shveysariyani chorak finalga olib chiqqandi.

ZOMMER HAMON MOHIR DARVOZABON

Ayni pallada ko‘pchilikning fikricha, Yann terma jamoadagi faoliyatini ancha barvaqt yakunladi. 35 yoshli posbonning ishonchli o‘yinlari «Inter»ning chempionlikka sazovor bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Top-ligalar beshligida u Donnarummadan keyingi o‘rinni band etgan. Bundan tashqari, Zommer uchrashuvlarning 56 foizini «quruq» o‘tkazgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yann - yaqqol peshqadam.

Albatta, mazkur muvaffaqiyatning asosiy ijodkori «Inter». Andre Onanani «MYU» qimmat bahoda pullagan klub, uning o‘rnini arzimas 7 mln. yevro evaziga «Bavariya»dan xarid qilingan 34 yoshli posbon bilan to‘ldirdi.

ZOMMERNING RAQOBATCHILARI QAYERDA?  QANDAY O‘ZGARISHLAR YUZ BERISHI MUMKIN?

Yanndan ikki yoshga kichikroq bo‘lgan Byurki 2022 yildan beri MLSda to‘p surmoqda. Kobel esa «Borussiya Dortmund» safida muntazam tanqidlar ostida faoliyatini davom ettirmoqda. YECHLdagi ishonchli o‘yinlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, aynan u terma jamoada Zommerning o‘rnini egallashi mumkin.

Shveysariyaliklarning baxtiga, mamlakatda saviyali darvozabonlar maktabi mavjud. Terma jamoalar sharafini munosib himoya qila oladigan posbonlar aynan shu maskanda saboq oladilar. Yuqorida zikr etilgan Gregor Kobel terma jamoa libosida 5ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsada, qit’aning eng qimmat darvozabonlari safida bormoqda.

30 yoshli Ivan Mvogo hozir «Loryan» klubining posboni. So‘nggi yillarda zaxira o‘yinchisi maqomiga ko‘nikib qolgan, 2-darvozabon maqomiga ko‘tarilishi ham mumkin.

Filipp Ken - 26 yoshli pos­bon hozir «Monako» darvozasini qo‘riqlamoqda. Leypsig va Zalsburgda «Red Bull» maktabida tahsil olgan. Ken hozirning o‘zida 3-darvozabonga aylanishga shay.

Paskal Lorets - navqiron posbon o‘tgan yili «Lyusern»­ning asosiy tarkibida to‘p surib, ko‘pgina klublar e’tiborini tortdi. Hatto terma jamoaning yig‘inlarida ham bo‘ldi. Lekin debyutini nishonlashga ulgurmadi. Qisqasi, u kabi yosh iqtidorlar uchun hammasi hali oldinda.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 07:19, 17.09.2024.
O'qildi: 10529 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.