Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/11 18:00 Paxtakor 0-2 OKMK
22/11 16:00 Neftchi - Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum - Navbahor
23/11 01:00 Xetafe - Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik - Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon - Dinamo
23/11 17:30 Lester - Chelsi
23/11 18:00 Valensiya - Betis
23/11 19:00 Verona - Inter
23/11 20:00 Bornmut - Brayton
23/11 20:00 Arsenal - Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa - Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton - Brentford
23/11 20:00 Fulhem - Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko - Alaves
23/11 22:00 Milan - Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol

Ian Grem: «Eng katta klublardan biriga ta’sir ko‘rsatganimdan faxrlanaman»

Ian Grem: «Eng katta klublardan biriga ta’sir ko‘rsatganimdan faxrlanaman»

Baho:
+ | -

Liverpool Echo hamda The Athletic jurnalisti Jeyms Pirs «Liverpul» Tahlil bo‘limining sobiq rahbari, «APLda qanday g‘alaba qozonish mumkin?» kitobi muallifi Ian Grem bilan bafurja suhbatlashdi

Shu tariqa taniqli mutaxassis Brendan Rojers va Yurgen Klopp bilan ishlashning nyuanslari haqida gapirib berdi. Grem shuning barobarida Mersisayd klubidan ketgani sabablarini oshkor qildi. Aytish kerak, gap 2012-2023 yillar oralig‘ida «Liverpul» tizimida faoliyat olib borib, jamoa muvaffaqiyatlariga ma’lum darajada hissa qo‘shgan mutaxassis haqida ketmoqda.

Mersisayd klubidagi ilk kunlar va Brendan  Rojers bilan munosabat

- Hamisha «Liverpul»ga katta qiziqish bilan qaraganman, lekin klub tizimida ish boshlaganimning Fenway Sports Group va Jon Genriga bog‘liq tomoni bor. Bu guruh «Boston Red Soks»da ma’lumotlar tahliliga jiddiy yondashishini isbotladi va «Liverpul»da ham shunday qilishga va’da berdi. Ilk suhbatdayoq kompaniya xo‘ja­yinining bu yo‘nalishga ishtiyoqi baland ekanligi sezildi. Qolaversa, klubda Maykl Edvards ham bor edi, u bilan «Tottenxem»da 2 yil birga ishlaganman va tahlil ishini qadrlashini yaxshi bilardim. Esimda, vaqtida universitet bitiruvchilari sifatida klubga yangi g‘oyalar bilan kelgandik, ammo ko‘pchilik futbol tahlilini bema’nilik o‘rnida  ko‘rgandi. Oddiy aytganda, ish jarayonida turli qarshiliklarga uchraganmiz. Jumladan, «Enfild»da bosh murabbiy Brendan Rojers ham ishimizga panja ortidan qaragandi. Lekin qanchalik qiyin bo‘lmasin, «Liverpul» bu borada ko‘plab klublarga nisbatan to‘g‘riroq pozisiyada ekanligini bilardim. Binobarin, jamoa rahbariyati, xususan, bevosita rahbarim Maykl Edvards menga erkinlik bergandi.

Transferlar qo‘mitasi

- Transferlar qo‘mitasi dastlabki bir necha yil davomida samarasiz ishladi, ya’ni muvaffaqiyatsiz xaridlar yetarlicha kuzatildi. Gap shundaki, Rojers o‘z vakolatidan to‘liq foydalangan holda, guruhimiz tavsiya etgan futbolchilarni olishni istamagan. O‘z navbatida, biz ham bosh murabbiy talab qilgan transferlar yo‘lini to‘sib qo‘ydik. Shu tariqa klub boshida 5-6 nafar futbolchi xaridi bilan cheklandi. Oqibatda ilk davr­da ko‘zlangan maqsadga erisholmadik.

Yurgen Klopp yondashuvi 

- Yurgenning Rojersdan farqi shuki, u o‘z fikrini hamisha ochiq bayon etardi. Bu davrga kelib, ma’lumotlar bazasi shakllandi, modellar yaxshilandi. Ammo Brendan o‘rnini Yurgen egallagani bilan tahlil sifati darhol o‘zgarmadi. Chunki klub tizimida o‘sha-o‘sha odamlar ishlashardi, umumiy jarayon ham o‘zgarmagandi. To‘g‘ri, Yurgen futbolchilarni xuddi Maykl Edvards kabi obdon o‘rganardi. Faqat shunisi borki, u «Liverpul»da ish boshlashiga qadar ma’lumotlarni tahlil etish tajribasiga ega bo‘lmagan. Keyinchalik Klopp va uning yordamchilarida ishimizga qiziqish ortib bordi, ular tez-tez turli savollar bilan murojaat qilishga odatlanishdi. Umuman, guruhimizning haftalik ishi ancha keng qamrovli edi. Barcha xulosalar videotahlil bo‘limi yoki tanlash bo‘limi orqali o‘tardi. Muhimi, Yurgen davrida tahlil ishi «Liverpul» fao­liyatining ajralmas qismi sifatida tan olindi. Shubha yo‘q, germaniyalik mutaxassis guruhimiz tahlili munosib futbolchilarni tanlash va ularni to‘g‘ri o‘yin moduliga solishda qo‘l kelishiga to‘liq ishondi. U jumladan, o‘yinlardan keyin o‘rganish jarayo­nida biz to‘plagan ma’lumotlardan ham, videotahlil bo‘limi xulosalaridan ham keng foydalanardi.

Sadio Mane va Joel Matip transferi

- Esimda, Klopp qo‘qqisdan Matipni erkin agent maqomida jalb etish haqida o‘ylash kerakligini aytganida, bu tush emasligiga ishonch hosil qilish uchun o‘zimni chimchilashimga to‘g‘ri kelgandi. Zero, uni uzoq vaqt davomida Bundesligadagi eng yaxshi yosh markaziy himoyachilardan biri sifatida ko‘rsatib keldik. O‘sha payt  Joel «Bavariya» e’tiboriga ham tushgandi. Maykl Edvards Germaniyaga Joel transferini muhokama qilish uchun borganida, «Shalke» o‘yiniga Myunxen klubi skautlari ham tashrif buyurishgandi. Vaziyatlardan birida Matip maydon markazida sirg‘anib ketdi va «Shalke» gol qo‘yib yubordi. Shunda «Bavariya» skautlari «Biz bu yigitchaning hech narsaga yaramasligini oldindan bilardik», deyishdan ham ti­yilishmadi. «Liverpul» uchun qanday zo‘r holat va transfer! Sadio Mane nomzodini ham ancha oldin ilgari surgandik, keyinchalik bu futbolchi Kloppga juda yoqib tushdi. Umuman, germaniyalik murabbiy dastlabki 2 mavsumda aynan biz tanlagan ko‘plab futbolchilarni yoqladi. Bora-bora bu masalada bahslashishimizga hojat ham qolmadi.

Muhammad Saloh haqida

- Barcha tahlillar oddiy haqiqatga to‘g‘ri kelaverdi - Saloh yordamida gol urish ehtimolini oshirishimiz haqida yaqqol xulosa chiqdi. Tahlillar yana bu futbolchi bilan gol qo‘yib yuborish ehtimolini ham pasaytirish mumkinligini ko‘rsatdi. Ba’zi hujumchilar haddan ortiq bir yoqlama bo‘lishadi va faqat zarbalar orqali o‘z qiymatlarini oshirishadi. Buni xG ko‘rsatkichi asosida o‘lchash imkoni bor. Saloh esa mutlaqo boshqa toifaga mansub hujumchi - ko‘p funksiyali. U to‘p bilan oldinga intilishi, uzatma berishi, vaziyatlar yaratishi va zarbalar berishi mumkin. Bizning modelimiz ayni shu jabhalarga asoslangan. Xullas, Saloh hamma joyda yaxshi harakatlanishi va unga qarshi himoyalanish juda qi­yinligini darhol angladik. Murakkab ma’lumotlar formulasi bo‘yicha aynan Saloh eng yuqori pog‘onada edi. Amalda u 24 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida Yevropadagi eng ekstremal hujumchiga aylandi. To‘g‘ri, APLda Salohning ilk urinishi muvaffaqiyatsiz chiqdi, ammo tahlilimiz bu omadsizlikni e’tiborsiz qoldirish kerakligini tushunishga yordam berdi. Oddiy aytganda, «Chelsi»da muvaffaqiyatsizlikka uchragan Salohni olish bilan ahmoq ko‘rinishimiz mumkinligi haqida umuman qayg‘urmadik. Chunki tahlillar uning istiqbolidan darak berib turgandi. «Liverpul» va boshqa ko‘plab klublar o‘rtasidagi asosiy farq shu edi. Qisqasi, klub rahbariyati shunchaki, to‘g‘ri to‘xtamga kelishiga ta’sir o‘tkazishga urindik va bu jarayonga ishondik. O‘rtamiyona klublardan kelgan Firmino va Mane bilan vaziyat ham xuddi shunday edi. Tengsiz trio. Barchamiz oxirigacha bu futbolchilar foyda keltirishlarini uqtirdik. Dunyoning qolgan qismi bunday o‘ylamaganiga esa umuman ahamiyat bermadik.

Faxrlanishga arziydigan transferlar

- Takrorlayman, Mo Saloh masalasida hammamiz uning jahon darajasidagi futbolchi ekanligini tezda tushungandik. Lekin shaxsan men Matip va Robertson transferini alohida ta’kidlayman. Ma’lumotlar tahlili birov tomonidan umuman e’tibor qaratilmagan futbolchi topishimizga ham zamin yaratdi. Aslida har ikkisining nomzodi klub tomonidan turlicha qabul qilingan. Ya’ni ba’zi kelishmovchiliklar va shubhalar yo‘q emasdi. Chunki Robertson APLda himoyasi eng no‘noq jamoada o‘ynardi. Biz esa tahlillarimizga tayanib, uni saviyali hujumkor himoyachi sifatida tavsiya etdik. Ammo himoyaviy fazilatlariga shubha bilan qaraganimiz rost. Klopp esa eks­tremal himoyachilarning hujumga o‘tishlarini qadrlashini aytib, transferni ma’­qulladi. Shu tariqa Robertsonning himoyaviy ishlardagi zaif tomonini o‘rta chiziq vakillari yordamida bilintirmadi.

Tahlil bo‘limi ahamiyati 

- Mayk Gordon, Maykl Edvards va Transferlar qo‘mitasining qolgan a’zolari xuddi men kabi agar klub tizimining barcha bo‘limlari to‘g‘ri ishlasa, jarayon samara keltirishiga to‘liq ishonishdi. Bunda tashqi shovqin - turli gap-so‘zlarga umuman e’tibor qaratmaslik muhim. Uzoq muddatli falsafa, qarashlarimizga oxirigacha sodiq qoldik. Tahlil guruhiga kelgan ilk yigitni qanday to‘l­qinlantirganim esimda: «Yo‘q, bu ish abadiy davom etishiga kafolat berolmayman. Lekin 2 yildan buyon shu yerda ekanmiz, demak, yaxshi ishlayapmiz». O‘ylaymanki, aksariyat klublar birinchi muvaffaqiyatsizlikdan keyinoq strategiyani darhol o‘zgartirgan bo‘lardi. «Liverpul» rahbariyati esa kelajakda klubga ustunlik taqdim etadigan bo‘lim yaratilayotganini tushundi. O‘sha payt dunyoning qolgan qismi buni ilg‘amagandi.

«Liverpul»dan ketishi sababi...

- Hozir Maykl yoki Julian haqida gapirolmayman, lekin o‘zim o‘zgarishlarga qo‘l urishda biroz kechikdim. «Liverpul»da har doim uyg‘unlik va yorug‘lik hukmron bo‘lganini aytolmayman. Xullas, bahslasha-bahslasha o‘z g‘oyalarimizni ustun qo‘ydik, jumladan, men ham. Ehtirosli tortishuvlar qurshovida qolganingizda, 11 yil davomida maromni saqlab qolish qiyin. Ertami-kech yiqilasiz. Barchamiz klub muvaffaqiyati yo‘lida tirishamiz, lekin g‘oyalarimiz turlicha. Ochiq gapiraman: ketish payti Maykl Edvardsdan uzoqroq yurishni o‘yladim. O‘shanda chamasi 9 oy o‘tgach, Maykl dam olish vaqti kelganini aytganida, nimani nazarda tutganini tushunaman, deb o‘ylagandim. Aslida Maykl bilan ishlash har doim qiziqarli - o‘ta talabchan, ammo serqirra mutaxassis. 11 yillik orzu: dunyoning eng yirik klublaridan biri muvaffaqiyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, o‘zim istagan yutuqlarga erishdim. Har holda, APLda birinchi bo‘lib, ichki ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘limini shakllantirdik. Bu guruhga 8 nafar mutaxassisni jalb etdim, vaholanki, ishni yolg‘iz boshlagandim. Ketishimga kelsak, estafetani oldinga siljitish va boshqalarga o‘z martabalarini oshirish imkonini berish eng to‘g‘ri yo‘l edi.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:50, 20.10.2024.
O'qildi: 746 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.