Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

«Buzg‘unchi» «Moviy gvardiya»da debyut qildi

«Buzg‘unchi» «Moviy gvardiya»da debyut qildi

Baho:
+ | -

Italiya terma jamoasining Yevro-2024 turniridagi omadsizligidan so‘ng, Luchano Spalletti strategiya va tarkibni yangilashga va’da bergandi.

Hozircha, bosh murabbiy va’daga rioya qilmoqda - «Moviy gvardiya»ning so‘nggi yig‘iniga bir qator yangi o‘yinchilar jalb etildi. Ularning biri afsonaviy futbolchilar sulolasi vakili - Daniel Maldini.

Daniel bobosi va otasining o‘yin  an’anasini buzdi

Ma’lumki, Maldinilar oilasi nafaqat Italiya terma jamoasi, «Milan» bilan ham chambarchas bog‘liq. Bobosi Chezare 399 marta «rossonerlar» safida maydonga tushgan, keyin bosh murabbiy, murabbiy assistenti, murabbiylar shtabi a’zosi va texnik direktori lavozimlarida faoliyat yuritib, jami 8ta sovringa sazovor bo‘lgan. Otasi Paolo esa «Milan» sharafini 901ta o‘yinda himoya qilgan, 26 marta chempionlik gashtini surgan, o‘yinlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatib, texnik direktor lavozimida faoliyatini davom ettirgan.

Ularga nabira va o‘g‘il bo‘lmish Daniel «Milan» bilan bitta skudettoni qo‘lga kiritdi, lekin qadrdon jamoasiga mustahkam o‘rnasha olmadi: bir qator ijaralardan keyin erkin agent maqomida «Monsa»ga o‘tib ketdi.

Yarim himoyachi klub miqyosida oilaviy an’anani davom ettira olmagan bo‘lsada, terma jamoada urinib ko‘rmoqda. Daniel bobosining debyutidan 64 yil, otasidan 36 yil keyin terma jamoaga jalb etildi. Belgiyaga qarshi bahsni u zaxirada o‘tkazdi, lekin Isroil terma jamoasiga qarshi 73-daqiqada maydonga tushdi va hatto, jamoasining 4-goli (4:1)da ishtirok etdi.

Kichik Maldini qaysi jihatlari bilan terma jamoa e’tiborini tortganiga Spalletti izoh berdi: «U aynan bizga yetishmay turgan o‘yinchi, ajoyib uslub sohibi. Himoyachilar bilan olg‘a intilishni, darvozaga ters turgan holda qanday o‘ynashni Daniel yaxshi biladi. O‘yin borasida sezilarli o‘sishga erishdi. Buni terma jamoadagi o‘yinlarida isbotlashiga ishonaman».

Hujumkor yarim himoyachi - Maldinilar oilasi uchun yangi ixtisos. Kasbdoshlarimiz Danielga hazilnamo tanqid qilishmoqda: «U bobosi va otasining missiyasidan voz kechdi». «Milan»ning sobiq koordinatori Mario Beretta kichik Maldinini ilk bor «Kalyari»da ko‘rganida, o‘yin uslubi bobosi va otasining o‘yinlariga o‘xshamasligidan hayron qolganligini aytgandi: «Daniel - oiladagi dastlabki hujumkor o‘yinchi. Uning o‘yinida otasi Paologa xos jihatlar bor. Lekin Daniel ajoyib zarba va yuksak texnika sohibi. Bu xislatlar otasida ham, bobosida ham bo‘lmagan».

«Rossonerlar» akademiyasining sobiq xizmatchisi Filippo Galli kasbdoshining fikrlarini tasdiqlab, malakali murabbiy rahbarligida Daniel yorqin o‘yin ko‘rsatishiga ishonch bildirdi. Futbolchining o‘zi esa bu borada shunday dedi: «Mening kuchli jihatim sheriklarim uchun vaziyatlar yaratish va to‘pni to‘xtatmasdan o‘ynashda. Bu ikki xislatni takomillashtirishga urinyapman. Bu borada o‘yinlar videosi yordam beradi. «Milan» YECHLdagi g‘alabasi menga to‘pni to‘g‘ri nazorat qilishni o‘rgatadi».

Bahorda Danielni  Venesuela uchun o‘ynashga taklif etishdi

Maldini Kakani o‘zining kumiri, Dibalani esa kuchli taassurot qoldirgan raqibi sifatida e’tirof etadi. «Skuadra Adzurra»ni esa faoliyatidagi muhim maqsadlaridan biri, deb biladi: «Terma jamoa chaqiruvini orzu qilardim va unga erishgach, Venesuela taklifini rad etdim. Chorlov otamni cheksiz quvontirdi».

Danielni chindan ham onasi tufayli janubiy amerikaliklar o‘z terma jamoalariga taklif etishgandi: uning onasi bo‘lmish venesuelalik model Adrianna Fossa Karakasda tug‘ilgan.

Venesuela shu yilning bahorida AQSHda Italiya bilan bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin yarim himoyachiga qiziqib qolgandi. Floridaga kelgan Paolo bilan federasiya vakillari va jamoa sardori Tomas Rinkon suhbatlashdilar. Samarasiz keyinchalik Venesuela bosh murabbiyi Fernando Batista shunday dedi: «Danielni olimpiya terma jamoasi yig‘iniga chaqirgandik. U taklif uchun qizg‘in minnatdorchilik bildirib, Italiya terma jamoasida o‘ynash orzusini aytdi. Otasi bilan gaplashganimizda, u ham o‘g‘lining javobini takrorladi. Uning qarorini hurmat qilamiz. Lekin Danielning qarori o‘zgarib qolsa, eshiklarimiz doimo ochiq».

Joriy mavsumni elitani tark etuvchilar safiga tushib qolgan g‘amgin «Monsa»da o‘tkazdi. Shuningdek, u jamoa murabbiyi Alessandro Nes­taning mexanizmiga sezilarli ta’sir etdi. Daniel - jamoaning eng ko‘p zarba yo‘llaydigan, jarima zarbalarini ijro etadigan eng xavf­li o‘yinchisi. Aldamchi harakatlar bo‘yicha «A» seriyasida 5-o‘rinda bormoqda. Mavsumdagi yagona golini «Fiorentina» darvozasiga urgan. Nesta maqtovlarni yosh shogirdidan ayamaydi: «Danielni bolalik chog‘idan bilaman. U ajoyib zarba sohibi, lekin o‘z salohiyatini to‘liq his etmaydi. Agar u o‘yin tizginini nazorat qilishni o‘rgansa, unda hech qanday cheklovlar bo‘lmaydi».

Daniel sabr-qanoatli yigit

«Agentim ilk marta yonimga kelib, ijara varianti borligini aytganda, men rad etdim. Primaveradan quyi ligalarga o‘tishni istamadim. Ha, skautlar doimo ortimdan yurishardi. Biroq men jonajon klubim tizimida voyaga yetishni istardim. Dastlabki ijaraga qadar juda ko‘p takliflarni rad etdim. Ijaraga majburan yoki o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun emas, ongli ravishda rozi bo‘lganman».

Danielning o‘smirlik davri - har bir «Milan» muxlisning orzusi. 2020|21 yillar mavsumida 18 yoshli futbolchi asosiy tarkibda ilk marta maydonga tushdi. Bir yildan keyin so‘nggi 11 mavsumdagi dastlabki chempionlikni qo‘lga kiritdi. Lekin tiffozi qalbini ancha avval, 4 yoshli chog‘ida zabt etib bo‘lgandi. YECHLning Afina finalidagi zafarni nishonlash jarayonida Klarens Zeedorf bolakaylar bilan to‘p surib, tegajag‘lik qilgandi. O‘shanda faqat Daniel undan to‘pni tortib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Yarim himoyachining so‘zlariga binoan, u o‘z hayotida ikki kishining nasihatini hech qachon unutmaydi. Ulardan biri - «Milan» va Italiya terma jamoasining sobiq o‘yinchisi Massimo Ambrozini: «Massimo ba’zan otam yoniga kelib turardi. Faoliyatim boshlangan kunlarning birida u menga shunday degandi: «ko‘pchilik senga shunchaki, Paolo Maldinining o‘g‘li sifatida qaraydi. Sen faqat Daniel Maldini bo‘lishga intil, boshqa hech kim emas».

Biroq aynan otasi Daniel faoliyatidagi eng muhim maslahatchi va madadkori bo‘ldi. Paolo hech qachon murabbiylardan o‘g‘liga ko‘z-quloq bo‘lib turishni iltimos qilmagani, faqat Zlatan va boshqa yulduzlar bilan yonma-yon to‘p surishidan mamnun ekanligini Stefano Pioli ta’kidlab o‘tgandi.

Terma jamoa taklifiga sababchi mish-mish:  Maldini «Inter»  nishonida...

Adriano Galliani Maldinilar oilasini hurmat qiladi. U Chezare bilan hamkorlikda ishlagan, Paoloning tiklanishi va faoliyatida bosh-qosh bo‘lgan, Daniel bilan esa «Milan»da emas, «Monsa»da tanishgan. «U menga juda yoqadi. Danielning kelajagi oldinda, mahoratini namoyish etish imkoniyati bo‘ladi, albatta. Ayni pallada «Monsa»ga ijaraga o‘tganidan mamnunman», - degandi Galliani.

Shu yil yozida «Monsa» yarim yillik ijaradan so‘ng, futbolchini erkin agent sifatida o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Kelishuvga binoan, ke­yingi transferdan olinadigan daromadning 50 foizi «Milan»ga beriladi. Oila kelishuvda ishtirok etdi: Paolo qarorni ma’qulladi, Kristian esa muzokaralarda agent maqomida qatnashdi.

Oradan 3 oy o‘tgach, italiyalik insayderlar «Inter»ning qiziqishi xususida gapira boshladilar. Masalan, milanliklar sport direktori Pyero Auzilio Maldinini «Roma»ga qarshi o‘yinda kuzatib bordi. «Inter»ga yaqin bo‘lgan jurnalist Paskuale Guarro aniqlik kiritdi: klub Maldiniga befarq emasligiga shubha yo‘q. Lekin hozircha, futbolchi ulkan ro‘yxatdagi yangi nomzodlarning biri.

Agar mish-mishlar voqelikka aylansa, yer-ko‘k ikkiga bo‘linadi.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:50, 27.10.2024.
O'qildi: 1324 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.