Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Kenan Yildiz: «Yuve» bayroqdoriga aylanishdan umidvorman»

Kenan Yildiz: «Yuve» bayroqdoriga aylanishdan umidvorman»

Baho:
+ | -

Turkiya futbolining yorqin umidi - Kenan Yildizning bugungi hayoti asosan Kontinassa («Yuventus» mashg‘ulotlar bazasi) va Turin markazidagi uyi o‘rtasida o‘tadi

 Yosh yigitni har joyda ota-onasi jiddiy kuzatib borishadi. Axir u 19 yoshida juda «og‘ir» futbolkani kiyib yuribdi. Kenan tabiatan ancha uyatchan, u ko‘p tabassum ulashadi, gohida hech qanday sababsiz ham. «Yuve» topilmasi shu asnoda atrofdagilarga o‘zining ijobiy kayfiyatini yetkazadi. «Hozir g‘oyat baxtliman, - deydi «A» seriya kashfiyotlaridan biri. - O‘zimga to‘liq ishonaman va hamisha xotirjamlikni saqlab qolishga urinaman. Faqat shu yo‘l bilan «Yuventus»dagi faoliyatimni rivojlantirishim mumkin. Xususan, gol urish va samarali uzatma berish bobida».

- «Yuventus» asosiy tarkibi va Turkiya termasida debyut, 10-raqamli forma, CHLda birinchi gol - bularning barchasi siz bilan o‘tgan yili sodir bo‘ldi. Aynan qaysi voqelikni eng yaxshisi sifatida tilga olasiz?

- Ha, qisqa vaqtda shuncha voqelarni boshdan kechirish - juda hayajonli. O‘zi bolaligimdan me’yoridan ko‘proq ishlashga odatlanganman. Tabiiyki, o‘ylagan ishingiz amalga oshsa, o‘zingizdan qoniqish hosil qilasiz. Futbol bilan shug‘ullana boshlaganimga 15 yilcha bo‘ldi, hali hozirgidan ancha ko‘prog‘iga erishishdan umidvorman, albatta. Eng yaxshi voqelikni tanlash talab etilsa, avvalo, professional darajadagi debyut golimni aytaman. Shuningdek, 10-raqamni olganim va Turkiya milliy jamoasiga jalb etilganim ham xotiramda abadiy qolishi tayin.

- Futbol mashg‘ulotlariga kirishganingizdan so‘ng bu siz uchun bir umrlik faoliyat ekanligini necha yoshda teran tushungandingiz?

- 3,5 yoshda futbol bilan shug‘ullana boshladim, lekin bu o‘yin oldinroq hayotimga kirib kelgan. Bitta suratim bor, unda chaqaloqligimdayoq qo‘limda to‘p ushlab turganim aks etgan. 6 yoshda esa professional futbolchi bo‘lishga qat’iy qaror qildim. Buning uchun menda potensial borligini tushunganimdan keyin maqsad sari yurishdan aslo og‘ishmadim.

- Qat’iyat - bu sportda katta ustunlik. Xarakteringizda o‘zingizga eng ma’qul jihat nimayu, yoqimsizi qaysi?

- Menimcha, juda e’tiborli va muvozanatni ushlaydigan yigitman. Kamchiligim? Bilamadim. O‘zimga ma’lumi - yolg‘izlik va futbolsiz daqiqalarga toqat qilolmayman.

- Onangiz nemis ayoli, otangiz turk, ulardan nimalarni olgansiz?

- Har ikki madaniyatdan ko‘p narsalar o‘rgandim. Deylik, Germaniyadan muomala madaniyati, Turkiyadan esa futbolcha vajohat...

- Ijtimoiy tarmoqlar va kitoblarga qanday munosabatdasiz?

- Ijtimoiy tarmoqlardan ko‘p foydalanmayman, chunki asosiy e’tiborim futbolga qaratilgan. Kitob o‘qishga kelsak, ayni kunlar All Blacks («Barcha qora tanlilar») asarini mutolaa qilyapman.

- Bo‘sh vaqtda yana nima bilan shug‘ullanishingiz mumkin? 

- Faqat futbol bilan yashayman. Xususan, o‘sish va takomillashish uchun boshqa jamoa­-lar o‘inlarini ham ko‘p kuzataman. Bo‘sh vaqtda do‘stlarim davrasiga borishim ham mumkin. So‘nggi bir necha oy davomida o‘zim uchun golf o‘yinini kashf etdim. Bu orqali ochiq havoda ongimni bo‘shatib, ruhan tetik bo‘laman.

- Kumiringiz Del Pyero ham golfni yoqtiradi. Qiziq, u bilan qayerda o‘zaro bahslashib ko‘rishni xohlardingiz - golf maydonidami yoki futbolnikida?

- Futbol maydoni yaxshiroq, baribir. Har holda, bunda o‘zimni ishonchli his qilaman. Golfda esa hali yangiman. Ko‘ramiz, ehtimol, keyinroq bahslasharmiz...

- Umuman, Del Pyero bilan munosabatingiz qanday?

- U men uchun hamisha afsona bo‘lib kelgan. «Frozinone» darvozasiga gol urganimda, Aleks sovg‘a sifatida o‘z sochig‘ini berdi, shu-shu o‘rtamizda iliq munosabat shakllandi. Del Pyero bilan muloqotga kirishish yoqimli, deylik, turli maslahatlari bilan o‘sishimga yordam beradi.

- Alessandroning o‘sha mashhur gol nishonlash usuli (tilini chiqarishi) «San Siro»da yaralganini bilasizmi?

- Rostdanmi? Yo‘q, bilmasdim, keyingi o‘yinda gol ursam, buni albatta, takrorlayman.

- Del Pyerodek haqiqiy iste’dodning raqami - «10»ni meros qilib oldingiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?

- Oilamdagilar ham 10-raqamli futbolkani olishimdan g‘oyat quvonishdi. Bu ham men uchun yutuq, lekin «10» o‘z egasiga katta mas’uliyat yuklashini yaxshi tushunaman. Umidvormanki, 10-raqamli futbolkaga mos o‘ynab, uni kiyib yurishdan o‘zgacha zavqlanaman.

- «Bavariya»dan voz kechib, «Yuventus»ni tanlaganingiz sababini ayta olasizmi?

- Hammasi oddiy: «Yuve» vakillari menga yaxshiroq imkoniyat taqdim etishga va’da berishdi. Umuman, loyiha ishonchliroq ko‘rindi va mana, birinchi kundan bunga mos tushdim.

- Keling, endi maydondagi pozisiyangiz haqida gaplashaylik: trekvartista yoki vinger? O‘zingizni qaysi rolda erkinroq sezasiz?

- Bolaligimda ko‘pincha yarim himoya markazida to‘p surganman, «Yuventus»da esa meni qanotga o‘tkazishdi. O‘zimga buning hech qanday farqi yo‘q - zarur joyda o‘ynayveraman.

- Jamoa o‘yini natijalarda aks etmoqda: boshida hammasi yaxshi edi, keyin pasayish kuzatildi. Bunga izoh bormi?

- Futbolda shunday: gohida ishlar orqaga ketadi kutilmaganda. Bu davrdan chiqib ketish yo‘lida ko‘p ishlayapmiz. Jumladan, shaxsan men jamoaga ko‘proq naf keltirish uchun borimni beraman. Yaxshi natijalarni qaytarish uchun yanada qat’iyroq o‘ynashimiz kerak.

- «A» seriyada hali gollaringiz hisobini ochmaganingiz qandaydir bosim yuklamayaptimi (Yildiz mehmonda «Inter»ga qarshi kechgan 9-tur o‘yinida 2ta gol urdi - 4:4)?

- Futbol faqat gol urishdan iborat emas. Raqiblar darvozasini nishonga olsangiz - yaxshi, lekin jamoaviy o‘yin va murabbiy talablarini sifatli bajarishga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.

- «Shtutgart»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin qanday tiklanish mumkin?

- Qiyinchiliklarga qaramay, ishga ijobiy yondashuvni saqlab qolish, ko‘proq ter to‘kishda davom etish kerak. O‘ylash uchun vaqt yo‘q, faqat kelajakka qarash talab etiladi.

- Tyago Motta kelishi bilan jamoada aynan nima o‘zgardi?

- Yangi murabbiy - har doim toza havo. Motta turli g‘oyalarga ega va o‘ylaymanki, o‘yinimizni yanada yaxshilay oladi. Unda g‘alaba mentaliteti bor. Yana mehribon inson - meni ko‘rganida, har safar yelkamga urib qo‘yadi. To‘g‘ri, Allegri bilan ham xuddi shunday yaxshi munosabatda edim.

- «Yuventus» muxlislari haligacha Del Pyero - Trezege tandemini eng kuchlisi sifatida esga olishadi. Xo‘sh, Yildiz - Vlaxovich juftligi shu darajaga ko‘tarilishi mumkinmi? 

- Dushan bilan yaqin do‘stlarmiz, o‘zaro munosabatimiz zo‘r. Oh, Del Pyero - Trezege yo‘lini takrorlay olsak, ajo­yib ish bo‘lardi.

- «Yuventus»da eng yaqin do‘stingiz kim, qaysi futbolchi hammadan ko‘proq yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi?

- Yonas Yakob, Samyuel Mbangula, Ueston Makkenni, Federiko Gatti va Mattia Perin bilan yaqinman. Mattia eng tajribali yigitlardan biri va menga ko‘p yordam beradi. Shuningdek, Danilo va Vlaxovich ham.

- Del Pyero singari «Yuve» bayroqdori bo‘lishni xohlaysizmi?

- Bu yerda ajoyib martabaga erishishdan umidvorman, lekin kelajakni oldindan aytish mushkul. Bilaman, klub menga to‘liq ishonadi va buni qadrlayman. Shunday ekan, qo‘ldan kelganicha harakat qilishim aniq. 

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:26, 11.11.2024.
O'qildi: 746 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.