Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xitoy kengliklari uchun mega-ijrochi

Xitoy kengliklari uchun mega-ijrochi

Baho:
+ | -

U tufayli rossiyalik murabbiy Leonid Sluskiy Xitoy chempioni maqomidan quruq qoldi.

Gap Xitoyga qaytgan va mavsum bo‘yi 44ta golda ishtirok etgan mashhur Vu Ley haqida ketmoqda. «Espanyol»ning sobiq hujumkor yarim himoyachisi hatto braziliyalik Oskarni ham o‘z soyasida qoldirdi. 30ta turda 34ta gol - qoyilmaqom statistika!

*** 

Leonid Sluskiy boshqaruvidagi «Shanxay Shenxua» mahalliy liganing yakuniy turida «Shanxay Port» qoqilishidan umidvor edi, biroq amaldagi chempion 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, unvonni munosib himoya qildi. Oxirgi bahsdagi 5ta goldan 4tasida vinger Vu Ley bevosita ishtirok etdi - «2+2» ko‘rsatkichi. Xitoy termasi vakili hissa qo‘shmagan yagona gol esa Oskar nomiga yozildi (penalti samarasi). Xullas, «Port»ga chempionlik uchun so‘nggi qadamni tashlash uchun g‘alaba kerak edi va jamoa murakkab kechishi kutilgan o‘yinda taxminlarni shunchaki, osongina parchalab tashladi. Umuman, Ispaniyada o‘ynab qaytgan Vu Ley mahalliy ligani go‘yoki, ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi: 30ta turda «Gol+pas» tizimi bo‘yicha 44 ball (34ta gol va 10ta assist). Superto‘purar. Chempion «Shanxay Port» esa jami 96ta gol bilan liganing eng sermahsul klubi bo‘ldi. Taqqoslash uchun, «Shanxay Shenxua» raqiblar darvozasiga 73 marta yo‘l topdi. 

«Port»ning megamahsuldorligida asosan 4 nafar futbolchining xizmati katta: Oskar 14ta gol urishdan tashqari, 20tasiga hammualliflik qildi (ligada eng yaxshi assistent). Braziliyalik yana bir futbolchi Gustavo «20+5» natijasini ko‘rsatgan bo‘lsa, argentinalik Matias Vargas 12ta gol yoniga 11ta assist qo‘shib qo‘ydi. Xullas, eng yorqini - xitoylik Vu Ley, baribir. Oddiy aytganda, u jamoaning barcha gollarining 3dan bir qismini o‘z nomiga rasmiylashtirdi. Samara keltirgan hujumlarning esa deyarli yarmida ishtirok etdi! Liga darajasidagi raqobatda ham Vu Leyning pozisiyasi juda mustahkam: to‘p­urarlar poygasida eng yaqin ta’qibchisini naq 13ta gol darajasida ortda qoldirdi. «Gol+pas» reytingida esa ikkinchi bo‘lgan Oskarni 10 ochko ortda qoldirdi. «Shenxua»da o‘ynagan braziliyaliklar - Leonardo, Gustavo va Andre Luis esa bu borada ancha ortda qolishdi. Shuning barobarida e’tiborga olish kerak,  Vu Ley umuman penalti tepmadi. Misol uchun, Oskar gollaridan deyarli yarmini, aniqrog‘i, 6tasini 11 metrlik jarima nuqtasidan urdi.

*** 

«Port Shanxay» afsonasi La Ligada ham o‘ynagan, lekin 32 yoshida faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazdi. Uni «Xitoylik Maradona», deya ulug‘lashlari bejiz emas. Ha, Vu Ley - Xitoy futboli tarixidagi eng yorqin ijrochilardan biri. Buni tasdiqlaydigan faktlar ham yetarli: 

*** Xitoy chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purar. Transfermarkt  hisob-kitobiga ko‘ra, unda 163ta gol bor.

*** «Shanxay Port» tarixidagi eng yaxshi to‘purar: jami 301ta o‘yinda 187ta gol. Shuningdek, 92ta assist. 

*** Xitoy Superligasi-2018 «Oltin butsa»si egasi (27ta gol). Shu bilan birga mavsumning eng yaxshi futbolchisi. 2024 yili ham har ikki sovrin sohibi. 2013-2018 va 2023-2024 yillarda liganing xitoylik eng yaxshi to‘purari (alohida mukofot). O‘rtadagi tanaffus Vu Lening La Ligaga ketishi (2019-2022) bilan bog‘liq bo‘lganini ham aytish joiz. 

*** «Xitoylik Maradona» (Chin yurtida futbolchini shunday ulug‘lashadi) 2019 yili «Espanyol»ga o‘tdi. U o‘sha vaqt Yevropaning kuchli 5ta ligasida o‘ynaydigan xitoylik yagona futbolchi edi. Endi aqlni shoshirib qo‘yadigan faktlarga e’tibor qarating: Kataloniya klubi atigi 1,5 million yevro evaziga o‘ta yirik media­aktivga ega bo‘ldi. Deylik, Vu Ley sharafiga tashkillashtirilgan taqdimot marosimini 350 million xitoylik tomosha qildi, debyut o‘yini esa media olamida 40 million marta ko‘rildi. Vu Leyning «Espanyol» libosidagi birinchi goli internetda 11 million marta qidirilganiga nima deysiz? «Hozir Xitoyda «Espanyol» o‘yinlari «Real» va «Barselona»nikidan ham kuchliroq qiziqish uyg‘otmoqda. O‘rtada juda katta farq bor», - degandi La Liga prezidenti Xavyer Tebas o‘shanda. Umuman, u Ispaniya uchun Osiyo futbol bozori eng muhimlaridan biri ekanligini bir necha marta ta’kidlagandi. Aytgancha, «Espanyol» klubi Xitoyning Rastar (klub prezidenti - Chen Yanshen) kompaniyasiga tegishli. 

*** Vu Ley yevrokuboklardagi ilk golini SSKA darvozasiga urdi - Igor Akinfeevni ojiz qoldirdi. Bu gol mohiyatan xitoylik futbolchilar uchun Yevropa klublar turnirlaridagi birinchisi bo‘ldi. O‘shanda «Espanyol» «Moskva» mehmonxonasiga qaytishi bilan xitoylik jurnalistlar va muxlislarning katta guruhi qurshovida qolgandi. Shuningdek, tribunalar Xitoy bayroqlari bilan qizil tusga kirgandi.

*** To‘g‘ri, Xitoy futboli yulduzi Ispaniyada global ko‘rsatkich qayd etolmadi - 126ta o‘yinda 16ta gol va 6ta assist. Xususan, qahramonimiz La Liga-2021|2022da atigi 459 daqiqa harakatlandi va 1ta gol bilan cheklanib qoldi. Shundan so‘ng aynan 1,5 million yevro evaziga Shanxayga qayt­di.

*** «Port» tashkil etilganidan buyon Vu Ley klub bilan birga, hisob. 2005 yili sobiq futbolchi Syuy Genbao shaxsiy akademiyasini ochdi. Vu Ley esa ushbu dargohning eng yaxshi tarbiyalanuvchilaridan biri sifatida ko‘zga tashlandi. Ke­yinchalik Genbao tashabbusi bilan akademiya asta-sekin klubga aylantirildi. 2021 yili «Shanxay Port» nomini olgan klub aslida «Shanxay SIPG» sifatida tanilgan (uning hayotida braziliyalik Xalk kabi yulduzlar qatori hamyurtimiz Odil Ahmedov ham chuqur iz qoldirgan). Vu Ley esa shu jamoaning Uchinchi diviziondan chiqib kelib, Xitoy futbolida asosiy kuchga aylanish jarayonida bevosita ishtirok etdi. Mana, «Port» endi Ley yordami bilan 3-chempionlikni nishonladi. Muxlislar futbolchini yuksak sadoqati uchun alohida qadrlashadi. Axir u deyarli butun faoliyatini shu klubga bag‘ishladi, Yevropadan yetarlicha takliflar olgan bo‘lsa-da, hammasini rad etdi. Faqat xitoyliklarga tegishli «Espanyol» bundan istisno.

*** Vu Ley professional futbolda 14 yoshu 287 kunligida debyut qildi. U bu borada Xitoy futboli rekordchisi hisoblanadi. Ilk golini esa 16 yoshida nishonladi - Xitoy futbolidagi ikkinchi yuqori natija. Vu Ley odatda o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida o‘ynaydi, lekin chap tomonda yoki markaziy hujumchi rolida ham bemalol to‘p surishi mumkin. Qarang, shunday boy faoliyatning eng yuqori cho‘qqisi 32 yoshiga to‘g‘ri keldi. Deylik, yarim himoyachi avgust oyida «Meychjou Xakka» bilan o‘yin- (7:2)da «poker»ga erishdi. 

Asosiysi, Vu Ley braziliya­lik Xalk va Oskar oldida ham yo‘qolib qolgani yo‘q. Endi Xalk ortidan Oskar ham Xitoydan ketmoqda: u 7 yillik faoliyatdan so‘ng «Shanxay Port» bilan xayrlashishini ma’lum qildi. Ammo «Xitoylik Maradona»ning hali yakunlanmagan missiyasi bor. U ayni payt 36ta gol (99ta o‘yinda) bilan Xitoy milliy jamoasining ikkinchi raqamli to‘purari bo‘lib turibdi. Yana 4ta gol esa Leyni mutlaq rekordchiga aylantiradi. Xitoylik muxlislar Vu Leydan eng yuqori natijani yangilashni kutishmoqda.

Ravshan IBROHIM tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 25.11.2024.
O'qildi: 1004 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.