Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

"Klublarda pul yo‘q, liga prezidenti esa hibsga olingan" — korrupsiyaga botgan Fransiya futboli

"Klublarda pul yo‘q, liga prezidenti esa hibsga olingan" — korrupsiyaga botgan Fransiya futboli

Baho:
+ | -

Fransiya hozirda chuqur inqirozni boshidan kechirmoqda — siyosiydan (hukumat iste’foga chiqdi) tortib, futbol industriyasining eng yuqori cho‘qqisigacha. Uzoq yillar davomida Liga 1 Yevropaning boshqa top-4 chempionatlari bilan tinimsiz kurashib kelmoqda va har safar o‘zini nochor qarindosh sifatida his qilmoqda.

Bu top-liganing flagman klubi “PSJ” va qolgan jamoalar o‘rtasidagi moliyaviy tafovut bilan ham bog‘liq. Parijliklar shu yilning kuzida qiymati 300 million yevrolik zamonaviy bazaga ega bo‘lgan bo‘lsa, oddiyroq klublar o‘z pullarini zo‘rg‘a yetkazmoqda.

Ayniqsa, Fransiyaning UYEFA koeffisientlari jadvalidagi o‘rni ham yaxshi holatda emas. Ular nafaqat Germaniya (77 285), Ispaniya (79 561), Italiya (85 481) va Angliyadan (97 035) katta farq bilan ortda qolish, balki Niderlandiyaga (59 233) o‘z o‘rnini bo‘shatish istiqboli bilan hamon beshinchi o‘rinni (63 807) egallab turibdi. Liga 1 da raqobatning yo‘qligi, shuningdek, liga rahbariyatidagi misli ko‘rilmagan darajadagi korrupsiya bu burilishlarga olib keldi.

Muvaffaqiyatsiz televizion shartnoma

Har qanday sport ligasi muvaffaqiyatining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri — bu teleradiokompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalar miqdoridir. Noyabr oyi oxirida Premyer Liga rahbariyati teleko‘rsatuvlar va tijoriy reklamadan tushgan daromad 17 foizga oshganini hisobladi — 2022—2025 yillar oralig‘ida 10,5 milliard funt sterlingdan 12,25 milliard funt sterlinggacha (2025—2028). APL mahalliy televideniye huquqlari yiliga 2 milliard yevroga tushadi, Liga 1 esa to‘rt baravar kam daromad ko‘radi.

Raqobatchilarning yuqori standartlariga javob sifatida (Bundesliga yiliga 1,1 milliard yevro, La Liga — 990 million yevro, A Seriya — 900 million yevro ishlab topadi) Fransiya Professional Futbol Ligasi (LFP) o‘zini bir necha bor halok qildi va bir necha “och” yillarni o‘tkazdi. Mutaxassislarning Mediapro (Ispaniya) telekanali bilan shartnoma tuzish xavfi yuqoriligi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, 2020 yilda fransuzlar kelishuvning yuqori miqdoriga aldanib qoldi — ispanlar haftasiga 9 o‘yindan 8 tasini namoyish etish huquqi uchun 830 million yevro taklif qilgan. Turning markaziy o‘yinini Canal+ dan translyasiya qilish uchun yiliga yana qo‘shimcha 330 million yevro bilan LFP prezidenti Vinsent Labryun ajoyib marketing g‘alabasini qo‘yga kiritdi.

Barchasi keyinchalik boshlandi. 2020/21 yilgi mavsum boshlanganidan bir necha oy o‘tgach, Mediapro shartnomani bajara olmasligini ma’lum qildi. Bitim bekor qilindi, bu kovid oqibatlari tufayli zo‘rg‘a kun kechirayotgan Liga 1 klublari uchun katta zarba bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib, fransuzlar boshqa bir teleradiokompaniyani (Amazon) topdi, ammo kelishuv miqdori juda kam bo‘lib chiqdi — bir mavsum uchun 275 million yevro. Liga rahbariyati vaziyatni to‘g‘rilab, 2024—2029 yillar davomida televideniye huquqlarini sotish bo‘yicha 1 milliard yevroga chiqishga umid qilmoqda. Hozircha talabgorlar juda kam.

Vaziyat shu darajaga yetdiki, joriy mavsum starti yangi shartnoma tuzilmagani uchun deyarli qoldirildi va faqatgina avgust oyida bir oz siljishga erishildi. LFP chempionatning mahalliy televideniya huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha ikkita kompaniya — DAZN striming xizmati va Qatarning beIN Spors holdingi bilan yiliga 500 million yevrolik shartnoma imzoladi.

“Bordo”ning inqirozi, “Lion”ga esa so‘nggi ogohlantirish

Qatarlik xo‘jayinlarining cheksiz pullari bilan qo‘llab-quvvatlanadigan, shuningdek, muvaffaqiyatli iqtisodiy modelni ham qurgan “PSJ” bunday sharoitlarda omon qolishi mumkin. Deloitte Money League — 2024 ga ko‘ra, dunyoning eng ko‘p daromad ko‘radigan klublari reytingida parijliklar “Real” va “Manchester Siti”dan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Klub 802 million yevro ishlab topgan, shundan 400 million yevro tijoriy daromadlar, 249 million yevro televideniye huquqlarini sotishdan va yana 153 million yevro chiptalar sotuvidan tushgan.

“Bordo” to‘rtinchi divizionga tushirib yuborildi

Boshqa fransuz klublari bunday imkoniyatlarga ega emas. Eng yomoni, ular o‘z bizneslariga beparvolik bilan qaraydi va bu natijada halokatli oqibatlarga olib keladi. 2024 yilning yozida olti karra mamlakat chempioni “Bordo” professional maqomini yo‘qotdi. Aktivaniyaliklar so‘nggi o‘n yillikning oxirida Malkom, Tchuameni va Jyul Kunde kabi futbolchilar transferlaridan olingan 100 million yevrodan ko‘proq mablag‘ni isrof qildi va ikkinchi divizionga tushib ketdi. Zinedin Zidanning sobiq klubi 40 million yevro qarz bo‘lib ham qoldi. Yozda klubni “Liverpul” va NHL ning bir nechta franshizasiga egalik qiluvchi Fenway Spors Group (FSG) qutqaradi degan umid bor edi, ammo “Bordo”ning kredit tarixini batafsil o‘rganib chiqqanidan so‘ng, amerikaliklar uni sotib olishga rad javobini berdi.

Noyabr oyi o‘rtalarida “Lion” Milliy nazorat va boshqaruv direksiyasining (DNCG) nishoniga tushib qoldi. L’Equipe nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqtda klubning qarzi 505,1 million yevroga yetgan. Katta ehtimol bilan jamoa qishda bir necha futbolchisi bilan xayrlashishi lozim. Bundan 2 yill avval “Lion”ni 800 million yevroga sotib olgan amerikalik milliarder Jon Tekstor muxlislarga jamoani “PSJ” bilan raqobatchi qilishga va’da bergandi. Bayonot juda asosli bo‘lib tuyulgan, chunki Tekstor Eagle Football Group (EFG) imperiyasining egasi hisoblanadi, unga “Lion”dan tashqari Libertadores Kubogi g‘olibi “Botafogo” va Belgiyaning “Molenbek” klublari kiradi, shuningdek, Jon “Kristal Pelas” klubining 40 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

“Lion” egasi Jon Tekstor Libertadores Kubogi bilan. Fransuz klubi-chi?

“Lion”ning muammosi shundaki, Tekstor bor e’tiborini “Botafogo”ga qaratgan. Endilikda klub klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etadi va investor bu orqali yaxshigina daromad ko‘radi. Amerikalik tadbirkor “Lion”ni xarid qilganidan keyin ham Braziliya jamoasiga sarmoya kiritishdan to‘xtamadi, xususan, o‘tgan yili u “Lion” byudjetidan ham pul olib, “Botafogo” klubi bazasini qayta ta’mirlagan.

LFP prezidenti maoshini uch baravar oshirgan

Inqirozli davrda har qanday tashkilot boshqaruvida izchil qarorlar bilan vaziyatni barqarorlashtirishga qodir bo‘lgan malakali menejer bo‘lishi juda muhimdir. 2024 yilning kuzida LFP prezidenti Vinsent Labryun deyarli bir ovozdan (85% ovoz) ikkinchi to‘rt yillik muddatga qayta saylandi, bu uning islohotlari bilan manfaatdor tomonlarning ko‘pchiligi roziligini ko‘rsatish mumkin edi. Biroq, aslida, amaldor atrofini faqat sodiq odamlar bilan o‘rab olgan va uning qarorlari shu qadar rezonans uyg‘otdiki, Fransiya hukumati ular bilan qiziqib qolgan. Olti oy oldin Senat LFP faoliyati bo‘yicha tekshiruvni boshlagan, uning natijasi esa katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

“Fransuz futboli daromadidan ko‘ra ko‘proq pul sarflaydi. Illyuziyalar o‘z o‘rnini umidsizlikka bo‘shatib berdi. Liga 1 ning televideniye huquqi hozirgi ko‘rinishida barqaror rivojlanishni kafolatlay olmaydi. Men professional futboldagi barcha so‘nggi o‘zgarishlar paytida hukumat a’zolari va Fransiya futbol federasiyasining (FFF) sukut saqlayotganini kuzatmoqdaman. Jumladan, jamoat manfaatlarini hisobga olgan holda, birdamlik tamoyili, LFP ni FFF bilan bog‘laydigan davlat xizmatlarini subdelegasiya qilish to‘g‘risidagi kelishuvni o‘rganish va amalga oshirish. Bu tashkilotlar o‘zlarining barcha qadamlari haqida sport vazirligini xabardor qilishi shart, ammo bu amalga oshmadi”, — deydi Senat vakili Mishel Savin.  

Senat tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, Labryun o‘zining yillik maoshini 400 ming yevrodan, 1,2 million yevrogacha oshirgan, bu LFP hisobotlarida ayyorlik bilan yashirilgan. Shuningdek, prezident “klublar uchun katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelgan va mahsulotning kelajakdagi qiymatini pasaytirgan” Mediapro bilan shartnoma uchun ham tanqid qilindi. Noyabr oyida LFP ofislari va uning prezidenti uyi “davlat mablag‘larini o‘g‘irlash” bo‘yicha tergov doirasida tintuv o‘tkazilgan. Labryunning o‘zi esa hozircha vazifalaridan ozod etilgan — uning o‘rnini esa Arno Ruje egalladi.

Investision fond bilan mojaroli bitim

Bu ish bilan shug‘ullanayotgan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi prokuraturaning asosiy e’tibori 2022 yilgi kelishuvga qaratildi. Mediapro bilan ko‘p million dollarlik kelishuvni boy berganidan so‘ng, Labryun o‘zi keltirib chiqargan bosh og‘rig‘ini qanday yengillashtirish haqida bosh qotira boshladi, chunki Vinsentning o‘zi obro‘sini oshirish uchun xavfli kelishuvni talab qilgan. Qiyin vaziyatga tushib qolgan odam mikrokredit oladi — LFP prezidenti shunga o‘xshash narsani tashkil etishi kerak edi.

U yordam so‘rab Lyuksemburgda joylashgan CVC Capital Partners sarmoya fondiga murojaat qildi, u liganing media huquqlarini boshqaruvchi LFP Media kompaniyasining kelajakdagi daromadlarining 13 foizi evaziga ligaga 1,5 milliard yevro ajratdi. Bu pul ko‘plab fransuz klublari uchun qiyin paytlarda go‘yo hayot manbayidek edi, ammo uning maqsadli ishlatilishi ko‘plab savollarni tug‘dirdi. Gap shundaki, mablag‘ jamoalarining so‘nggi 10 yildagi muvaffaqiyatiga qarab taqsimlangan, jumladan, “PSJ” 200 million yevro olgan bo‘lsa, “Renn” kabi klublarga atigi 35 million yevrodan berilgan.

Fransiya prokuraturasi CVC Capital Partners bilan tranzaksiya uchun bonuslarni misli ko‘rilmagan korrupsiyaning namoyon bo‘lishi deb hisoblaydi. Labryunning uyqusiz tunlari va iste’dodi 8,5 million yevroga baholangan, 24 million yevro teng nisbatda bitim uchun mas’ul bo‘lgan ikki bankka, yana 5 million esa yuridik yordam ko‘rsatgan notarial idoraga o‘tkazilgan.

Fransiya futboli ochko‘z va prinsiplarsiz rahbar boshqaruvidan so‘ng o‘ziga kelishi uchun uzoq vaqt hamda resurslar kerak bo‘ladi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 14:41, 15.12.2024.
O'qildi: 744 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.