Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/12 00:30 Arsenal 2-0 Brentford
04/12 00:30 Brayton 3-4 Aston Villa
04/12 00:30 Byornli 0-1 Kristal Pelas
04/12 00:30 Vulverhempton 0-1 Nottingem Forest
04/12 01:15 Lids 3-1 Chelsi
04/12 01:15 Liverpul 1-1 Sanderlend
05/12 01:00 Man. Yunayted 1-1 Vest Xem
06/12 01:00 Real Ovyedo - Malyorka
06/12 17:30 Aston Villa - Arsenal
06/12 18:00 Vilyarreal - Xetafe
06/12 19:00 Sassuolo - Fiorentina
06/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
06/12 20:00 Manchester Siti - Sanderlend
06/12 20:00 Nyukasl - Byornli
06/12 20:00 Tottenhem - Brentford
06/12 20:00 Bornmut - Chelsi
06/12 20:15 Alaves - Real Sosyedad
06/12 22:00 Inter - Komo
06/12 22:30 Lids - Liverpul
06/12 22:30 Betis - Barselona

Erik Garsiya: «Kamp Nou» har qanday raqibni tahlikaga soladi»

Erik Garsiya: «Kamp Nou» har qanday raqibni tahlikaga soladi»

Baho:
+ | -

Ispaniyalik himoyachi Erik Garsiya qisqa vaqtda Xans-Diter Flik bosh­qaruvidagi «Barselona»da asosiy ijrochilar qatoriga qo‘shildi. Har holda, 24 yoshli futbolchi mudofaa chizig‘ining istalgan nuqtasida harakatlanishdan tashqari, zarurat tug‘ilsa, yarim himoyada ham sheriklariga yordam berishi bilan muxlislar yoqimtoyiga aylanib ulgurdi. Erik yaqinda klub rasmiy saytiga bergan intervyusida mavsum startini sarhisob qilish barobarida kelgusi rejalariga ham to‘xtaldi.

— Joriy mavsumni faol boshlash asnosida deyarli har bir o‘yinda maydonga tushmoqdasiz. Aytingchi, bu faoliyatingizdagi eng yaxshi startmi?

— Ha, bu safar asosan boshlang‘ich tarkibdan joy olyapman va oldingi yillarga nisbatan chempionat startida ko‘proq amaliyatga ega bo‘ldim. Lekin tushunib turibman, agar ozgina sustkashlikka yo‘l qo‘ysam, vaziyat tezda o‘zgarishi mumkin. Shunday ekan, endi hozirgi darajani bir maromda ushlab turishim kerak. Eng muhimi esa, jamoaning yanada yaxshiroq o‘ynashi va g‘alaba qozonishi, baribir. Mavsum endi boshlandi va havolanib ketish yaramaydi. Umid qilamanki, bizni oldinda katta g‘alabalar, quvonchli onlar kutib turibdi.

— Dastlabki turlar shaxsan sizda qanday taassurot uyg‘otdi?

— «Rayo Valyekano»ga qarshi o‘yinda qayd etilgan durangni hisobga olmasak, hammasi ko‘ngildagidek. Ikkinchi tomondan, «Rayo» maydonida o‘ynash juda qiyin. Boz ustiga, o‘sha uchrashuvda omadimiz ham chopmadi. Umuman, o‘ylashimcha, hozir to‘g‘ri yo‘ldamiz.

— Bu mavsum jamoa oldiga qo‘yilgan eng katta vazifa nima? CHLda g‘alaba qozonishmi?

— Avvalgi mavsum CHLda ku-zatilgan muvaffaqiyatsizlikdan haligacha afsuslanyapmiz. Agar yarim finalda «Inter» to‘sig‘idan o‘tganimizda, hal qiluvchi bahsda «PSJ» bilan to‘qnash kelardik. Biroq eng chiroyli futbolga moyil 2ta jamoa o‘rtasidagi final ro‘y bergani yo‘q. Shaxsiy fikrimcha, «Barsa»da hamisha har bir sovrin uchun kurashish imkoniyati mavjud. Albatta, bu safar CHL kubogi sari eltuvchi yo‘lning oxirigacha dadil odimlashdan umidvorman.

— Ancha yosh bo‘lsangizda klubda 4-mavsumni qarshi oldingiz. Aytingchi, kiyinish xonasidagi  o‘rningiz qanday?

— Natijadan qat’iy nazar, kiyinish xonasida barchaga birdek munosabatda bo‘lishga intilaman. Yigitlarga qo‘ldan kelganicha yordam berish barobarida umumiy muhitga biroz zavq olib kirishim ham mumkin. Aytish shart emas, ko‘pincha yaqinlarimizdan ko‘ra, klubdagilar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishimizga to‘g‘ri keladi. Shunday pallalarda butun jamoaga pozitiv kayfiyat ulashishni xohlayman.

— Ferran Torresning aytishicha, kiyinish xonasida juda baland ovozda gapirishdan tashqari, hazillashishga moyil ekansiz...

— U haq. Ba’zan muhim o‘yinlar oldidan asabiylikni tar­qatish uchun biroz hazillashishni yaxshi ko‘raman. Chunki katta uchrashuvlar oldidan yigitlarda mas’uliyat haddan ortiq darajada oshib ketadi, zimmamizga jiddiy majburiyatlar yuklanadi. Shunday vaqtda muhitni bir maromda ushlab turish hamda xotirjamlikni saqlash uchun me’yordan chiqmagan holda, yumor ishlatish zarar qilmaydi.

— Flik esa sizni aqlli, ko‘p qirrali va professio­nal futbolchi sifatida ta’riflagandi...

— Bosh murabbiydan bunday e’tirofni eshitish har qanday futbolchini ruhlantirishi tabiiy hol. Uning fikriga qo‘shimcha tarzda mehnatkash ekanligimni ham aytishim mumkin. Tushunarliki, har bir futbolchi imkon qadar ko‘proq o‘ynashni xohlaydi. Shundan kelib chiqib, nimalarga qodirligimni isbotlash uchun mashg‘ulotlarda tinimsiz ishlayman. Bunda eng kichik elementar detallarga ham befarq qaramayman.

— Germaniyalik mutaxassis joriy etgan o‘yin uslubi nechog‘li ma’qul bo‘lyapti?

— Chinakamiga zamonaviy futbol! Ha, ba’zida tavakkal ish tutishga ham to‘g‘ri keladi, lekin ko‘pincha o‘z uslubimizdan voz kechmaymiz. Umumiy qoida shuki, agar himoyada hammasini to‘g‘ri bajarsak, aksariyat hollarda raqibni «ofsayd»da ushlaymiz. Hujum borasida esa jozibali uslubga egamiz, ayniqsa, hozirgi ijrochilar bilan.

— Bu sxemaga moslashish qiyinchilik tug‘dirmadimi?

— Tan olaman, avvaliga yangi uslub va g‘oyalarga ko‘nikish oson kechmadi. Muhimi, qiyinchiliklarga qaramay, moslashuv jarayonidan tez o‘tib oldik. Harqalay, katta muammolar sezilmadi. Ha, o‘tgan mavsumga nisbatan olsak, raqiblarimiz endi bizni yaxshiroq bilishadi, nima qilayotganimizni tushunishadi. Shuning uchun o‘yinimizga ayrim o‘zgartirishlar kiritishga harakat qilyapmiz.

— Himoyaning o‘ng va chap tomonida ham, markazda ham o‘ynay olasiz. Hatto yarim himoyachi pozisiyasini egallashingiz mumkin. Aslida o‘zingiz uchun qaysi joy qulayroq?

— Bolaligimdan markaziy himoyada o‘ynaganim uchunmi, shu nuqtada ancha erkin harakatlanaman. Shuningdek, o‘ng qanotda ham ortiqcha qiyinchilikka duch kelmayman. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, murabbiy qo‘ygan joyda o‘ynashga tayyorman.

— «Barsa» futbolchilarining «Oltin to‘p» so‘rovidagi yakuniy ko‘rsatkichlari xususida qanday fikrdasiz?

— Menimcha, hammasi adolatli ko‘rinish olmadi. Deylik, Pedri va Rafinya o‘tgan mavsumdagi o‘yinlari va natijalariga ko‘ra, yuqoriroqdan joy olishga loyiq edilar. Shuningdek, Lamin Yamalda bosh laureat bo‘lish imkoniyati yo‘q emasdi. To‘g‘ri, tan olish kerak, Usmon Dembele o‘tgan mavsum darhaqiqat, fantastik darajada o‘ynadi, ayniqsa, jamoaviy natijalar borasida omadi keldi. Usmon vaqtida bizning safimizda to‘p surgan, shunday ekan, uning muvaffaqiyatidan ezilishimiz emas, quvonishimiz kerak.

— O‘z talqiningiz bo‘yicha ayni payt jahonning eng yaxshi futbolchisi kim?

— Shubhasiz, Yamal! Axir u har bir o‘yinda betakror iqtidorini namoyish etyapti. Shuning barobarida takrorlashim kerak, Dembele ham beqiyos mavsum o‘tkazdi.

— «Kamp Nou»ga qaytishni intiqlik bilan kutayotgandirsiz...

— Ha, jamoada hamma uyga qaytish onlarini intizor kutmoqda, jumladan, muxlislar ham. Zero, muhtasham arenaga qaytish bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Axir «Kamp Nou» har qanday raqibni tahlikaga soladigan ta’siri kuchli arena hisoblanadi.

XURSHIDBEK tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 23:55, 10.10.2025.
O'qildi: 1989 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.