Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/12 00:45 Napoli 2-1 Yuventus
08/12 01:00 Real Madrid 0-2 Selta
08/12 19:00 Piza 0-1 Parma
08/12 22:00 Udineze 1-2 Jenoa
09/12 00:45 Torino 2-3 Milan
09/12 01:00 Vulverhempton 1-4 Man. Yunayted
09/12 01:00 Osasuna 2-0 Levante

Fabio Kannavaro: «Umid qilamanki, mening tajribam o‘zbekistonlik futbolchilarga juda ko‘p narsada yordam beradi»

Fabio Kannavaro: «Umid qilamanki, mening tajribam o‘zbekistonlik futbolchilarga juda ko‘p narsada yordam beradi»

Baho:
+ | -

JCH-2026 qur’asi uchun AQSHga tashrif buyurgan O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro www.amny.com sayti muxbiriga intervyu berdi. Uni e’tiboringizga havola qilamiz.

Fabio Kannavaro futbolchi sifatida jahon futboli tarixidagi eng yaxshi markaziy himoyachilardan biri hisoblanadi. U o‘z mamlakati jamoasini 2006 yilgi Jahon chempionligiga yetaklagan, Italiya kubogi, Italiya Superkubogi, UYEFA kubogi, Ispaniya La Ligasi, shuningdek «Parma», «Yuventus» va «Real Madrid» tarkibida faoliyati davomida qo‘lga kiritilgan ikkita (keyin bekor qilingan) A Seriya chempionliklariga ega bo‘lgan.

U — butun futbol tarixi davomida «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan uch nafar himoyachidan biri. Qolgan ikkisi — nemislar Frans Bekkenbauer va Mattias Zammer.

Biroq murabbiylikka o‘tish oson kechmadi. U asosiy muvaffaqiyatlariga Osiyoda erishdi — BAA, Saudiya Arabistoni va Xitoyda ishladi. 2019 yilda «Guanchjou Evergrand» bilan Xitoy Superligasida g‘olib bo‘lgach, Italiyaga qaytdi, ammo u yerda uzoq turmadi: B seriyasining «Benevento» klubida 17 ta o‘yin, A Seriyadagi «Udineze»da esa jamoani tushib ketishdan saqlab qolganiga qaramay, bor-yo‘g‘i 6 ta o‘yindan so‘ng ishdan ketdi. 2024 yil dekabrida Xorvatiyaning «Dinamo Zagreb» klubiga qo‘shildi va 2025 yil aprelida ishdan bo‘shatildi.

Kutilmaganda, sentyabr oyining oxirida, unga O‘zbekiston futbol assosiasiyasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Jahon chempionatiga ilk bor yo‘llanma olgan bu Markaziy Osiyo mamlakati yangi bosh murabbiy izlayotgandi — mahalliy qahramon Timur Kapadzega nisbatan ko‘proq tajribali mutaxassis kerak edi. Ular 2014 yilgi JCH g‘olibi, Germaniya termasi sobiq murabbiyi Yoaxim Lyovni hamda Portugaliya va Janubiy Koreyaning sobiq murabbiyi Paulu Bentuni taklif qilishdi. Ikkalasi ham taklifni rad etdi. Kannavaro esa rozi bo‘ldi.

«Bilasizmi, Jahon chempionati — bu Jahon chempionati», — dedi Kannavaro 6 oktyabrda rasman ishga kirishgach, amNewYork’ka bergan eksklyuziv intervyusida. — «Men bu yerda bo‘layotganimdan juda xursandman. Biz uchun bu juda muhim. Biz bu yerga o‘rganish uchun keldik, bu juda ajoyib tajriba. Bu yerda bo‘lish — boshqacha».

2026 yilgi Jahon chempionati—AQSH, Kanada va Meksika mezbonligidagi turnir — O‘zbekiston uchun uzoq kutilgan marra edi.

Ular 2010 yilda milliy saralashning to‘rtinchi bosqichigacha yetgan — JARdagi JCHga chiqish uchun ikki qadam qolgandi. 2014 yilgi saralashda beshinchi bosqichgacha o‘tdi va FIFAning xalqaro pley-offiga chiqish uchun Iordaniyani mag‘lub etishi kerak edi. O‘yin 2:2 hisobida tugagach, penaltilar seriyasida 9:8 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.

Bu safar bunday dramatik holatlar kerak bo‘lmadi. O‘zbekiston Osiyo saralashining "A" guruhida ikkinchi o‘rinni egallab, AQSHga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shunga qaramay, ularning imkoniyatlari yuqori baholanmayapti. Kannavaro jamoasi FIFA reytingida 50-o‘rinda turadi va JCH-2026ning «K» guruhida Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi 6-o‘rindagi Portugaliya va Janubiy Amerika gigantlari — Kolumbiya bilan birga tushdi.

«Buning hammasi men uchun ham yangi, ayniqsa murabbiy sifatida», — dedi Kannavaro. — «Men ham murabbiy sifatida birinchi bor Jahon chempionatida bo‘laman. Hammasi yangi bo‘ladi. Lekin bu sahnada qanday turishni o‘rganishimiz kerak. Biz tajriba to‘plash uchun jahon chempionatidamiz».

Biroq O‘zbekistonning bugungi tarkibini zaif deyish — katta xato. Milliy tarbiyalangan futbolchilar Yevropaning eng kuchli ligalariga yo‘l olishni boshladi: masalan, himoyachi Abdukodir Husanov — Angliyaning mashhur «Manchester Siti» klubi a’zosi, hujumchi Eldor Shomurodov — Italiyaning mashhur «Roma» klubi futbolchisi bo‘lib, ayni paytda Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» jamoasiga ijaraga berilgan.

Avlodning eng taniqli himoyachilaridan biri — Kannavaroning o‘zi — ular bilan birga ishlayotgani, ularni sport karyerasining eng muhim pallasiga tayyorlayotgani katta yordam beradi.

«Umid qilamanki, mening tajribam juda ko‘p narsada yordam beradi», — dedi Kannavaro. — «Ayniqsa bosimni yengishda, chunki Jahon chempionatida bosim juda yuqori bo‘ladi. Butun O‘zbekiston ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Har kim g‘alaba qilishni istaydi, lekin biz shu jarayondan bahra ham olmoqchimiz».

Kiritildi: 15:04, 09.12.2025.
O'qildi: 768 marta.
Fikrlar: 14 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.