O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasining qadimiy va hamisha navqiron Buxoro shahrida boshlangan navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda.
Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi–2026 musobaqasi oldidan Nodir Elboyev boshchiligidagi terma jamoa qarorgohida ijobiy muhit hukm surmoqda. Mashg‘ulotlar musobaqada foydalaniladigan maydon qoplamasida o‘tkazilib, futzalchilar ushbu sharoitga kun sayin tobora yaxshiroq moslashib bormoqda.
Intensiv va rang-barang yo‘nalishlarda olib borilayotgan mashg‘ulotlar futbolchilarning to‘liq kuch va ishtiyoq bilan shug‘ullanishiga xizmat qilmoqda. Yig‘in doirasida tanlangan sparring raqib — Rossiya terma jamoasining o‘yin uslubi nazariy jihatdan chuqur tahlil qilinib, mashg‘ulotlar davomida unga mos taktika ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Murabbiylar shtabi yig‘inga jalb etilgan yangi nomzodlarning jamoaning umumiy o‘yin uslubiga tezroq moslashib ketishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, futzalchilarning jismoniy tayyorgarligini optimal darajada saqlab turish maqsadida mo‘’tadil yuklamalar berilmoqda. Turli kombinasiyalarni shakllantirish, standart vaziyatlardan samarali foydalanish, himoyadan tezkor qarshi hujumga o‘tish kabi o‘yin amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan mashg‘ulotlar jarayonning yanada samarali va qiziqarli bo‘lishini ta’minlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya terma jamoasiga qarshi dastlabki xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi 19 dekabr kuni Buxoro shahridagi «Universal» sport majmuasida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv soat 17:00 da boshlanadi. Tomoshabinlar uchun majmuaga kirish mutlaqo bepul.













