Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan to‘rt jamoali Ispaniya Superkubogi musobaqasining finali ketma-ket to‘rtinchi yil “el-klasiko”ga to‘g‘ri kelmoqda.
Har ikki jamoa yarim finaldagi g‘alabadan so‘ng final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi: “Barselona” “Atletik”ni 5:0 hisobida tor-mor etdi, “Real Madrid” esa murosasiz kechgan derbida “Atletiko”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa, jamoalar 2026 yilda ilk bor va joriy mavsumda ikkinchi marta o‘zaro to‘qnash kelmoqda. Avvalroq, oktyabr oyida La Ligada “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Real Madrid” 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. O‘sha bahsda Jud Bellingem va Kilian Mbappe gol urgan, “Barselona” safida esa Fermin Lopes o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan edi.
Kataloniya jamoasi amaldagi chempion maqomida maydonga chiqadi, 2025 yilgi finalda aynan “ko‘k-anorranglilar” g‘alabani qo‘lga kiritgan edi.
Dunyo futbolidagi eng buyuk qarama-qarshiliklardan biri bugun, 11 yanvardan 12 yanvarga o‘tar kechasi, Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi “Qirol Abdulla” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shu vaqtga qadar ikki jamoa 262 bor o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lib, 106 ta bahsda “Real”, 104 ta uchrashuvda “Barselona” zafar quchgan, 52 ta o‘yinda durang natija qayd etilgan. Madridliklar 445, kataloniyaliklar esa 433 marta raqib darvozasiga gol kiritgan.
La Liganing amaldagi chempioni “Barselona” Ispaniya futbolidagi eng barqaror va kuchli jamoalardan biri sifatida finalga yetib keldi. “Real Madrid” esa mavsum davomida jiddiy bosim ostida qolmoqda. Ayniqsa, klubning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso uchun ushbu final katta ahamiyat kasb etadi.
Amaldagi chempion “Barselona” La Liga turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda va “Real Madrid”ni to‘rt ochko ortda qoldirgan. Xansi Flik boshchiligida kataloniyaliklar barcha musobaqalarni hisobga olganda ketma-ket to‘qqizta uchrashuvda g‘alaba qozondi.
“Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso esa jamoani qabul qilib olganidan ko‘p o‘tmay jiddiy bosim ostida qolgan edi. Biroq so‘nggi vaqtlarda qayd etilgan muhim g‘alabalar uning pozisiyasini ma’lum darajada mustahkamladi.
Nima uchun “Real Madrid” va Xabi Alonso bosim ostida?
So‘nggi haftalarda Xabi Alonso “Real Madrid”dagi vaziyatni nisbatan barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo Ispaniya Superkubogi finali murabbiy uchun hal qiluvchi sinov sifatida baholanmoqda.
Bir muddat muvaffaqiyatsiz natijalar tufayli iste’foga yaqin bo‘lgan Alonso qo‘l ostida jamoa so‘nggi beshta uchrashuvda g‘alaba qozondi. Ushbu seriyadagi so‘nggi g‘alaba Superkubok yarim finalida “Atletiko Madrid”ga qarshi bahsda qayd etildi.
Agar “Real” Superkubokning amaldagi sohibi — “Barselona”ni mag‘lub etsa, bu Alonso uchun Madrid klubidagi ilk sovrin bo‘ladi. “El-Klasiko”dagi ikkinchi g‘alaba murabbiyga vaqt va xotirjamlik berishi mumkin.
Biroq Hansi Flik boshchiligidagi “Barselona”dan uchraladigan mag‘lubiyat klub prezidenti Florentino Peres uchun 2025 yil iyun oyida tayinlangan, ammo to‘liq ishonch uyg‘ota olmayotgan murabbiy bilan xayrlashish uchun navbatdagi sababga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Ispaniya ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, 2025 yilning 10 dekabr kuni “Real” Chempionlar Ligasida “Manchester Siti”ga mag‘lub bo‘lgan kuniyoq, Alonso iste’foga chiqarilishi mumkin edi. O‘sha mag‘lubiyatga qaramay, keyingi o‘yinlardagi ijobiy natijalar murabbiyga yana bir imkoniyat taqdim etdi.
2025 yilgi Superkubok finali
2025 yilgi Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona” “Real Madrid”ni 5:2 hisobida mag‘lub etgan edi. Uchrashuv aynan Jidda shahrida o‘tkazilgan.
Bu natija o‘sha paytdagi “Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti uchun jiddiy zarba bo‘ldi. Shu bilan birga, Hansi Flik uchun “Barselona”dagi faoliyatining boshlanishida muhim burilish nuqtasiga aylandi.
Superkubok “Barselona” va “Real” uchun qanchalik muhim?
O‘tgan mavsumda Superkubokdagi g‘alaba Hansi Flik boshchiligidagi “Barselona” uchun katta ahamiyat kasb etdi. Kataloniyaliklar keyinchalik La Liga va Ispaniya kubogida ham zafar quchdi.
E’tiborlisi, undan oldingi uch mavsumda ham Superkubokni yutgan jamoa mamlakat chempioniga aylangan.
Xabi Alonso turnir ahamiyati haqida shunday fikr bildirdi:
“Biz hozir aynan shu turnir uchun o‘ynayapmiz, shuning uchun u hozir eng muhim sovrin. Ammo butun mavsumni hisobga olsak, ustuvorlik bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi”.
Kilian Mbappe bilan bog‘liq so‘nggi holat
Xabi Alonso Mbappening “Barselona”ga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlash imkoniyati boshqalarnikidan kam emasligini ta’kidladi. Kilian final oldidan Jiddaga uchib bordi.
“Real Madrid” tarkibiga Kilian Mbappening qaytishi final oldidan jamoa uchun muhim yangilik bo‘ldi. Fransiyalik hujumchi tizzasidagi jarohat sabab “Atletiko”ga qarshi yarim final uchrashuvi hamda La Ligada “Betis” ustidan qozonilgan 5:1 hisobidagi g‘alabali o‘yinni o‘tkazib yuborgandi.
Joriy mavsum barcha musobaqalarda 24 ta uchrashuvda 29 ta gol urgan Mbappe “Real Madrid”ning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. U Madrid klubiga kelganidan beri “Barselona”ga qarshi besh uchrashuvda olti bor gol muallifiga aylangan.
Shu bilan birga, mutaxassislar Mbappe, Vinisius Junior va Jud Bellingem bir vaqtda maydonga tushganida jamoa o‘yini har doim ham optimal ko‘rinmayotgani qayd etilmoqda.
Vinisius va Rodrigoning holati
So‘nggi haftalarda Xabi Alonso uchun muhim figuraga aylangan futbolchi braziliyalik vinger Rodrigo bo‘ldi. U 32 o‘yindan iborat golsiz seriyadan so‘ng so‘nggi beshta bahsda uchta gol va uchta golli uzatma muallifiga aylandi.
Boshqa qanotda esa Vinisius Junior eng yomon mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda. U 2024 yilgi “Oltin to‘p” marosimida ikkinchi o‘rinni egallaganidan beri o‘zining eng yuqori darajasini namoyish eta olmayapti.
Vinisius “Real Madrid” safida so‘nggi 16 uchrashuvda gol ura olmadi. Alonso “El-Klasiko”da uni asosiy tarkibda tushirish yoki tushirmaslik borasida qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi.
So‘nggi “El-Klasiko”lar
O‘tgan mavsumda “Barselona” “Real Madrid”ni to‘rtta uchrashuvda ham mag‘lub etgan edi. Joriy mavsumning oktyabr oyida esa “Real” La Liga doirasida 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
“Biz albatta g‘alaba qozonishimiz kerak. O‘tgan yili ularga qarshi ikki finalni ham yutqazdik. Ular ham g‘alaba qozonishni istaydi. La Ligadagi mag‘lubiyat uchun esa revansh olishga urinadi”, — dedi “Real” darvozaboni Tibo Kurtua.
“Barselona” Mbappening qaytishiga tayyor
“Barselona” bosh murabbiyi Hansi Flik Mbappeni hozirgi paytda dunyoning eng kuchli hujumchisi deb atadi. Biroq u jamoasi fransiyalik futbolchining ishtirokiga qaramay muvaffaqiyat qozonishiga ishonch bildirdi.
“Mbappe juda ko‘p gol urmoqda, u — jahon darajasidagi futbolchi. Ammo o‘tgan mavsumda biz uning jamoasini to‘rt marta mag‘lub etganmiz. Biz o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratamiz. Gap ‘Real Madrid’ va biz qanday o‘ynashni xohlayotganimizda”, — dedi Flik.
Ispaniya Superkubogi haqida
Musobaqada umumiy hisobda to‘rtta jamoa — La Liga chempioni, Ispaniya kubogi g‘olibi hamda finalchisi ishtirok etadi. Turnir ilk bor 1982 yilda o‘tkazilgan. 2020 yildan boshlab to‘rt jamoa ishtirok etadigan format joriy etilgan.
“Barselona” — La Liganing amaldagi chempioni, “Real Madrid” esa mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlagan. Ikki jamoa o‘tgan mavsum Ispaniya kubogi finalida ham o‘zaro to‘qnash kelgani bois, yarim finalchilar — “Atletiko Madrid” va “Atletik Bilbao” ham joriy yilgi Superkubokda ishtirok etdi.
Final qayerda o‘tkaziladi?
Ispaniya Superkubogi ketma-ket ikkinchi yil Saudiya Arabistonida o‘tkazilmoqda. Barcha uchrashuvlar Jidda shahridagi “Qirol Abdulla” stadionida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu arena 2034-yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan stadionlar qatoriga kiradi.
2024 yilda final Ar-Riyod shahridagi “Al-Avval Park” stadionida o‘tkazilgan va unda “Real Madrid” “Barselona”ni 4:1 hisobida mag‘lub etgan.
Jamoalar tarkibidagi so‘nggi yangiliklar
“Barselona”: Mark-Andre ter Shtegen, Gavi va Andreas Kristensen jarohat sabab safda yo‘q. Lamin Yamal yarim finalni zaxirada boshlagan bo‘lsa-da, finalda asosiy tarkibga qaytishi kutilmoqda. Ronald Arauxo to‘liq mashg‘ulotlarga qaytdi, biroq zaxira qolishi ehtimoli ko‘proq.
“Real Madrid”: Mbappening o‘yinda ishtirok etishi asosiy muhokama mavzusi bo‘lib turibdi. Trent Aleksandr-Arnold, Eder Militao va Brahim Dias tarkibda emas. Rodrigo, Antonio Ryudiger va Raul Asensio yarim finaldagi jarohatlardan so‘ng tiklanish mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.
Taxminiy tarkiblar
“Barselona”: Joan Garsiya, Jyul Kunde, Pau Kubarsi, Erik Garsiya, Alexandro Balde, Pedri, Frenki de Yong, Lamin Yamal, Rafinya, Fermin Lopes, Ferran Torres
“Real Madrid”: Tibo Kurtua, Fede Valverde, Raul Asensio, Din Xavsen, Alvaro Karreras, Eduardo Kamavinga, Orelyen Chuameni, Jud Bellingem, Rodrigo, Kilian Mbappe, Vinisius Junior
Xulosa
“El-Klasiko” doimo tomoshabinlarni hayajonga soladigan uchrashuvdir. To‘g‘ri, jamoalar yaxshi holatda bo‘lgan vaqtda bu bahs yanada qiziqarli va muhim bo‘ladi. Shu bilan birga, jamoalarning tarkibdagi yo‘qotishlari va holati ham o‘yinga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu safargi uchrashuvdan keskinlik, bahsli vaziyatlar, ko‘plab kartochkalar va gollarni kutish mumkin. Chunki ushbu bahs — “Real” uchun burilish nuqtasi, “Barselona” uchun esa avvalgi mag‘lubiyatga qasos olish imkoniyati hisoblanadi.













