"Barselona" bosh murabbiyi Xans-Diter Flik 17 yoshli vinger Iu Martinesni yakshanba kuni "Valensiya"ga qarshi safar uchrashuvi oldidan asosiy jamoa mashg‘ulotiga jalb qildi.
Diario SPORT ma’lumotiga ko‘ra, o‘smir futbolchi payshanba kungi mashg‘ulotda ishtirok etdi. "Barsa Atletik" futbolchisi Jessi Bisivu son mushagidagi muammo sabab bir necha kunlik dam olgach, Martinesga bu imkoniyat berilgan.
2009 yilda tug‘ilgan Martines asosiy jamoa atrofida muntazam mashg‘ulot o‘tkazib turadi. U "Barselona"ga "Ximnastik de Manresa"dan kelgan. Futbolchi yuqori shiddatdagi o‘yini, qat’iyatliligi va texnik mahorati bilan ajralib turadi. Uning o‘yin uslubi La Masiya tarbiyalanuvchilariga xos sifatlarga mos keladi.
Martines dastlab yarim himoyada o‘ynagan, keyin esa 11 kishilik futbolga o‘tganida qanotga ko‘chirilgan. Uning energiyasi va o‘yinni yaxshi tushunishi yangi pozisiyaga tez moslashishiga yordam bergan.
Yosh futbolchi o‘tgan yozda Mundialito turnirida ham yaxshi taassurot qoldirgan. U "Barselona" Juvenil B jamoasiga finalda Avelyanedaning "Rasing" klubini mag‘lub etishda yordam bergan.
Hozirgi asosiy maqsadi Pol Planas boshqarayotgan Juvenil A jamoasidan joy olish. Agar rivojlanishda davom etsa, keyinchalik "Barsa Atletik"da ham imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin.













