Braziliya futboli afsonalaridan biri Romario o‘zining YouTube platformasidagi podkasti orqali Germaniya terma jamoasi va «Real Madrid» tarixida o‘chmas iz qoldirgan yarim himoyachi Toni Kroos bilan qiziqarli intervyu tashkil qildi. Suhbat davomida Toni professional faoliyatiga to‘xtalib, «qirollik klubi» safida o‘tkazgan yillari, yosh futbolchilarning kamol topish jarayoni hamda bo‘lajak jahon chempionati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u «Real»ning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso masalasiga alohida e’tibor qaratib, muvaffaqiyat kaliti sifatida unga vaqt, sabr va ishonch zarurligini ta’kidladi.
– Futboldan ketganingizdan keyin hayotingiz qay darajada o‘zgardi?
– Ha to‘g‘ri, professional futbolchi sifatidagi faoliyatim yakunlandi va qariyb 30 yil davom etgan muhim bosqich ortda qoldi. Bugun men boshqa sohada, xususan bolalar bilan ishlayapman hamda o‘zimni avvalgidek baxtli his qilyapman. Hayot esa hali ham ajoyib, faqat endi u boshqacha mazmunda davom etyapti. Shuningdek, ular bilan muloqot jarayonida zamonaviy futbolga bo‘lgan qarashlar qanday o‘zgarayotganini ham ko‘rish mumkin. Masalan, bolalar uchun 90 daqiqa davom etgan va 0:0 hisobida yakunlangan o‘yin qiziq emas.
– Faoliyatingizdagi eng qadrdon klub qaysi va nima uchun?
– Bu savolga javob oddiy: faoliyatimdagi eng qadrdon klub albatta – «Real Madrid». Chunonchi, men dunyoning eng buyuk klubida 10 yil muvaffaqiyatli to‘p surdim va katta g‘alabalarga erishdim. Madridda o‘tgan yillar chindan ajoyib edi va aynan shu yerda o‘zimni xuddi uydagidek his qilardim. «Real», go‘yoki katta bir oilaga o‘xshardi. Aytish kerak, bu mening futbolchilik faoliyatimdagi eng yaxshi yillar bo‘ldi.
– Xabi Alonsoning «Real Madrid» murabbiyi sifatidagi faoliyatini qanday baholaysiz?
– Sir emaski, «Madrid» kabi katta klubni boshqarish har qanday murabbiy uchun eng qiyin vazifalardan biri. Bu yerda hatto g‘alaba qozongan chog‘ingizda ham tanqid ostida qolishingiz mumkin. Shuningdek, durang yoki mag‘lubiyat klub uchun oddiy hol sifatida qaralmaydi. Murabbiylar zudlik bilan tanqid qilinadi va ularga kam vaqt beriladi. Qolaversa, «Real»da 1-2 yildan keyin qanday o‘ynash haqida emas, ayni hozir natija ko‘rsatish talab qilinadi. Savolingizga kelsak, Alonsoni juda salohiyatli murabbiy deb hisoblayman. Chunki u «Real»ning ichki muhitini va klubga daxldorlik hissi nimani anglatishini juda yaxshi tushunadi. Menimcha, rahbariyat va muxlislar ozgina sabr qilgan holda uning uchun vaqt hamda xotirjamlikni ta’minlashi kerak.
– Endrik kerakli o‘yin amaliyotiga bo‘lish maqsadida ijaraga ketdi. Jamoadagi boshqa yosh futbolchilarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Albatta yosh iste’dodlar uchun o‘yin amaliyotining naqadar muhim ekanini hammamiz tushunamiz. Ammo «Real»da bu imkoniyat cheklangan bo‘lsa, yaxshisi ijara asosida boshqa klubga borib tajriba orttirgan ma’qul. Masalan, men ham 18 yoshimda xuddi shunday qaror qabul qilganman: «Bavariya»dan «Bayer»ga o‘tib o‘ynaganman. Menimcha, Endrik o‘zi uchun eng to‘g‘ri yo‘lni tanladi. Hozir unga o‘yin amaliyoti muhim.
– «Real»dagi braziliyaliklar bilan iliq munosabatlaringiz haqida ko‘p gapirishadi…
– Ha, braziliyalik futbolchilar bilan o‘ynash yoqimli ekanligini o‘zim ham ko‘p marta aytganman. Chunki, ularning turmush tarzi Yevropadagidan ancha farq qiladi. Shuningdek, hayotdan qanday zavq olishni bilishadi. Albatta «Madrid»da Vinisius, Kazemiro, Militao bilan munosabatlarim juda yaxshi edi. Zero, agar jamoadoshlaringiz bilan maydon tashqarisida ham yaxshi aloqa o‘rnatmasangiz maydonda hamkorlik qilish nihoyatda qiyin. Men, ayniqsa Vinining ochilishlaridan to‘g‘ri foydalanardim, u esa mening uzatmalarimni golga aylantirardi.
– Joriy yil yozda start oladigan jahon chempionatidan nimalar kutyapsiz?
– Menimcha bo‘lajak mundialda Ispaniya, Portugaliya, Fransiya va Marokash termalari asosiy favoritlar qatorida bo‘lishadi. To‘g‘ri, Braziliyani ham inkor etib bo‘lmaydi. Chunki ularni mundilaga katta g‘alabalar hadisini olgan Anchelotti tayyorlamoqda. Biroq jamoalar sonini ortishiga qarshiman. Negaki, bu o‘yinchilar salomatligi va turnir sifatiga salbiy ta’sir qiladi. O‘ylashimcha guruh bosqichida yirik hisobdagi g‘alabalar juda ko‘p qayd etiladi va bu muxlislar uchun qiziq emas.
– Qiziq, favoritlar qatorida nima uchun Germaniyani e’tirof etmadingiz?
– Albatta Germaniya terma jamoasi har galgi mundiallarda chempionlikka da’vogarlar qatorida bo‘ladi. Lekin bosh jamoamizni bu safar favoritlar qatorida ko‘rmayapman. Ammo ishonchim komilki, yigitlar chorak final yoki yarim finalgacha yetib bora olishadi. To‘g‘ri, maydonda hamma narsa bo‘lishi mumkin, biroq menimcha, hozirgi Germaniya termasining darajasi avvalgi sikllardagiga qaraganda pastroq.
– Aytgancha, Karlo Anchelotti bilan gaplashib turasizmi?
– Unchalik ko‘p emas. Adashmasam, Don Karlo bilan oxirgi marta o‘tgan yil yozda ko‘rishib suhbatlashganimiz bo‘yicha boshqa gaplashmadik. O‘shanda uning Braziliya terma jamoasini boshqarish imkoniyati paydo bo‘lganidan xursand ekanligini ko‘rgandim va chin ko‘ngildan omad tiladim. Umid qilamanki, yangi ish joyida hammasi don Karlo uchun muvaffaqiyatli ko‘rinish oladi.
– Nima deb o‘ylaysiz, Anchelotti bo‘lajak mundialda Neymarning xizmatlaridan foydalanadimi?
– Neymar mundial boshlangunga qadar 100 foiz formaga kirib oladimi yoki yo‘q? U bir necha yillardan beri barchani xavotirga solmoqda, chunki Neymar ko‘p jarohat olgan va yaxshi holatda bo‘lmasligi mumkin. Men u bilan gaplashmadim. Endi u yana jarohat oldi va mavsumga atigi 6 oy qoldi. Agar yaxshi jismoniy holatda bo‘lsa, u dunyoning istalgan jamoasiga yordam bera oladi.
– Braziliyaga qarshi afsonaviy uchrashuv (7:1) haqida nimalar yodingizda qolgan?
– Albatta 2014 yilgi jahon chempioni haqida faqat ijobiy xotiralarim qolgan. Braziliyada o‘tgan haftalar haqiqatan ham fantastik davr bo‘lgandi. Ayniqsa mezbonlarga qarshi o‘yin esa faoliyatimda bir qator muhim uchrashuvlar orasida top-5ga kiradi. Meni hayratda qoldirgani esa braziliyaliklar yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng ham bizga nisbatan iliq munosabatda bo‘lishdi va finalda Argentinani mag‘lubiyatga uchratishimizni tilashgandi.
BLIS SAVOL-JAVOBLAR
Eng yaxshi murabbiy: Karlo Anchelotti.
Eng yaxshi stadion: «Santyago Bernabeu».
Eng yaxshi o‘yin: YECHL finali — «Yuventus»ga qarshi.
Birga o‘ynagan eng yaxshi futbolchi: Krishtianu Ronaldu.
Xurshid YUSUPOV tayyorladi













