"Buxoro"ning yangi a’zosi, serbiyalik himoyachi Velko Filipovich ilk bor klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
— Velko, avvalambor, sizni "Buxoro" jamoasi tarkibida ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Bungacha, Tailand chempionatida 5 yil davomida yuqori saviyada to‘p surdingiz, jamoamizga qo‘shilish varianti sizda qanday paydo bo‘ldi?
— O‘zbekiston Superligasida harakat qilgan bir nechta do‘stlarim bor edi va ularning barchasi chempionat saviyasi yuqori ekanligini ta’kidlab o‘tishdi. Agentim orqali taklif kelib tushgach, o‘zimni «Buxoro» jamoasida sinab ko‘rishga qaror qildim.
— O‘zbekiston chempionatida ilk bor ishtirok etasiz. Yurtimiz va o‘zbek futboli haqida sizda qanday ma’lumotlar bor edi?
— Albatta o‘zbek futboli haqida oldin juda ko‘p bora eshitganman, bu yerda o‘yin sur’ati juda yuqori, uchrashuvlarda juda ko‘p masofa bosib o‘tiladi, futbolchilar tezkor va agressiv harakat qilishadi. Shuningdek qarshi hujumlarda jamoalar yaxshi harakat qilishi haqida eshitdim.
— Hozirgi kunda «Buxoro» jamoasi bilan Antaliyadagi mashg‘ulotlarda ishtirok etyapsiz, 3 ta o‘rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushdingiz, jamoa haqida dastlabki tassurotlaringiz qanday?
— Jamoada mehnatkash futbolchilar jam bo‘lishgan. Biz hali ham bir-birimizni yaxshiroq o‘rganishga harakat qilyapmiz, ammo klubdagi barcha bizni juda yaxshi qabul qilishdi. Men maydonda o‘zimizni tobora yaxshilanib borayotganimizni his qilyapman.
— Klub va muxlislar legioner futbolchidan har doim ko‘p narsa kutishadi boisi sizga bo‘lgan ishonch va ma’suliyat katta..
— Albatta, menda legioner futbolchi sifatida o‘ynash tajribasi bor, bizda qanday ma’suliyat borligini his qilib turibmiz. Men har doim yangi chaqiruvlar va qiyinchiliklarga tayyorman.
— Jamoa himoya chizig‘ida Sardor Qulmatov, Xurshid Muxtorov kabi tajribali mahalliy futbolchilar va undan tashqari hamyurtingiz Mladovich ham to‘p suradi. Himoyadagi raqobat haqida qanday fikrdasiz?
— Ha raqobatlashish oson bo‘lmaydi, lekin futbolchi sifatida siz bundan foyda olasiz. Raqobat bor joyda har doim o‘sish bo‘ladi. Atrofingizda, nimanidir o‘rganishingiz mumkin bo‘lgan futbolchilar bo‘lishi har doim yaxshi.
— Yangi mavsum oldidan buxorolik muxlislarga tilaklaringiz.
— Barcha muxlislarimizni 1-tur uchrashuviga chorlab qolamiz, muxlislar qo‘llab-quvvatlashi har doim muhim bo‘lgan. Maydonda chiroyli o‘yin namoyish etib, g‘alabalar bilan ularni xursand qilish uchun bor kuchimizni sarflaymiz.













