Angliya Premyer Ligasining “Everton” va “Bornmut” klublari yanvar oyidagi transfer oynasi vaqtida “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovni ijaraga olish variantini ko‘rib chiqqan. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, har ikki klub o‘z himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisining atrofidagi vaziyatini diqqat bilan kuzatgan. Biroq “Manchester Siti” mavsum o‘rtasida yosh himoyachini ijaraga berish imkoniyatini ko‘rib chiqmagan. Shuningdek, Yoshko Gvardiolning jarohati ham Husanovning transferiga to‘sqinlik qilgan.
Qayd etilishicha, “Everton” futbolchini zich taqvim va himoyadagi jarohatlar fonida qisqa muddatli yechim sifatida ko‘rgan. “Bornmut” esa to‘p nazoratini yaxshilay oladigan va tezkor harakat qiluvchi markaziy himoyachi izlagan. Shuningdek, klub asosiy himoyachilaridan biri Markos Senesining “Napoli”ga o‘tishi mumkinligi haqidagi mish-mishlardan so‘ng Husanov nomzodi ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov 2025-yilning yanvar oyidan beri “Manchester Siti” sharafini himoya qilib keladi. Futbolchi hozirga qadar “shaharliklar” safida 29 ta uchrashuvda ishtirok etib, bitta gol muallifiga aylangan. Uning klub bilan shartnomasi 2029-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali himoyachining qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.













