"Manchester Yunayted"ning sobiq futbolchisi Pol Skoulz "Tottenxem" markaziy himoyachisi Kristian Romeroni o‘z jamoasida ko‘rishni istashini tan oldi.
Ko‘plab mish-mishlarga ko‘ra, argentinalik futbolchi yozda jamoadan ketish niyatida. Joriy mavsum davomida "shporlar"ning 27 yoshli sardori o‘z klubi rahbariyatini tanqid qilib kelgan.
"Menga Romero yoqadi. Uning o‘yinini kuzatish zavqli. U "Tottenxem"dan g‘azablangan, shunday emasmi? U yerda o‘ynashni istamayapti. U muxlislarga, klub rahbariyatiga qarshi chiqmoqda va menimcha, u biroz "aqldan ozgan". Lekin men uni "Manchester Yunayted"da jon deb ko‘rgan bo‘lardim. Unda xarakter bor", — deya ingliz OAVlari Skoulzning so‘zlarini keltirmoqda.
Avvalroq Kristian Romero uchun asosiy da’vogar sifatida Madridning "Atletiko" klubi tilga olingan edi. "Transfermarkt" portalida jahon chempionining narxi 60 million yevro etib belgilangan.













