«Manchester Yunayted» joriy mavsum yakunlanganidan so‘ng jamoaga top-murabbiy tayinlashi mumkin. Bu haqda Topskills Sports UK jurnalistlari xabar bermoqda.
«Qizil iblislar» rahbariyatining qiziqishlar doirasida ayni damda Germaniya milliy terma jamoasida faoliyat yuritayotgan germaniyalik mutaxassis Yulian Nagelsmann bor. Mankunianliklar mutaxassisning ehtimoliy tayinlovi bo‘yicha dastlabki muzokaralarni boshlab yuborishgan.
Avvalroq matbuotda germaniyalik murabbiyning xizmatlariga «MYU»ning ashaddiy raqibi — «Manchester Siti» ham qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Yulian 2023 yilning sentyabridan beri Germaniya terma jamoasi ustozi lavozimini egallab kelmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi mehnat shartnomasi muddati 2028 yil iyun oyi oxirida tugaydi.













