Kiprning Pafos shahrida shaxmat bo‘yicha jahon tojiga da’vogarlik yo‘llanmasini beruvchi Nomzodlar turniri uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa 2026-yilning 28 martidan 16 apreliga qadar davom etadi.
O‘zbekiston shaxmati tarixida ushbu musobaqada ilk marotaba qatnashayotgan Javohir Sindorov qur’a natijasiga ko‘ra 1-raqam ostida tasniflandi. Unga ko‘ra, Sindorovga 29 mart kuni bo‘ladigan bahsda rossiyalik Andrey Yesipenko raqiblik qiladi. Musobaqa 14 turdan iborat bo‘lib, shaxmatchilar o‘zaro ikki marta (oq va qora donalarda) to‘qnash kelishadi. Musobaqa g‘olibi Jahon chempionligi uchun amaldagi toj sohibi, hindistonlik Gukesh bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
1-turning barcha juftliklari (erkaklar, 29 mart):
Javohir Sindorov — Andrey Yesipenko;
Mattias Blubaum — Vey Yi;
Pragnanandha — Anish Giri;
Fabiano Karuana — Hikaru Nakamura.
Qur’aga ko‘ra, bir mamlakat shaxmatchilari (masalan, AQSH vakillari Karuana va Nakamura) o‘zaro kelishilgan o‘yinlarning oldini olish maqsadida turnirning dastlabki turlarida to‘qnash kelishi belgilangan.
Shuningdek, shu kunlari ayollar o‘rtasidagi Nomzodlar turniri ham o‘tkaziladi. Unda uch nafar Hindiston va ikki nafar Xitoy vakillari ishtirok etayotgani sababli qur’a jarayoni maxsus cheklovlar bilan o‘tkazildi. FIDE qoidalariga ko‘ra, bir mamlakat shaxmatchilari o‘zaro kelishilgan o‘yinlarning oldini olish uchun turnirning birinchi yarmida barcha o‘zaro uchrashuvlarini yakunlashi shart.
1-turning barcha juftliklari (ayollar, 29 mart):
Chju Jiner — Tan Chjunyi;
Aleksandra Goryachkina — Katerina Lagno;
Vaishali Rameshbabu — Bibisara Assaubayeva;
Humpi Koneru — Divya Deshmuh.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha Jahon Kubogi bosh sovrinni qo‘lga kiritib, Nomzodlar turniri yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.













