Transfermarkt portali Turkiya Superligasida o‘ynayotgan futbolchilar qiymatini yangiladi. Ayni paytda ushbu chempionatda O‘zbekiston milliy terma jamoasining uch nafar a’zosi faoliyat yuritmoqda.
“Bashakshehir” hujumchisi Eldor Shomurodov eng katta o‘sishga erishdi. Turkiya chempionati to‘purarlaridan biri bo‘lib turgan futbolchining narxi 2 million yevroga qimmatlashib, hozirda 7 million yevroni tashkil etmoqda.
Italiyaning “Roma” klubidan Istanbulga ko‘chib o‘tgan hujumchi qisqa fursatda jamoaning asosiy zarbdor kuchiga aylandi. Hozirda u debyut mavsumidayoq chempionat to‘purari uchun beriladigan “Oltin butsa” sovrini uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. Shomurodov “Bashakshehir” safida barcha turnirlarda (chempionat va kubok) 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, u o‘z hisobiga 4 ta golli uzatmani ham yozdirib qo‘ygan.
Shuningdek, ushbu jamoa safida harakat qiladigan Abbosbek Fayzullayevning narxi o‘zgarishsiz qoldi. Yozgi transfer oynasi vaqtida SSKAdan “Bashakshehir”ga ko‘chib o‘tgan vinger barcha musobaqalar doirasida 22 ta uchrashuv o‘tkazdi va 3 ta gol hamda 5 ta golli uzatma qayd etdi. Ayni paytda Fayzullayevning qiymati 7 million yevroga baholanmoqda.
Shomurodov va Fayzullayev Istanbul klubining eng qimmat futbolchilari hisoblanadi.
Turkiyaning “Rizespor” klubi himoyachisi Husniddin Aliqulovning qiymati ham o‘zgarishsiz qoldi va 1,5 million yevroni tashkil etmoqda. Futbolchi 2026 yil 19 yanvar kuni “Gyoztepe”ga qarshi uchrashuvda maydonni jarohat sabab tark etgan. Tibbiy tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, 26 yoshli futbolchining chap tizzasida oldingi xochsimon bog‘lam uzilishi, tizza kosachasining yarim chiqishi (patellar subluksasiya), MPFL — tizza kosachasi bog‘lamining shikastlanishi, shuningdek, ichki va tashqi menisklarda yirtilish aniqlangan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, tiklanish jarayoni 6 oydan 9 oygacha davom etishi mumkin.
Turkiya Superligasida to‘p suradigan futbolchilarning umumiy qiymati 1,37 milliard yevroga baholanmoqda. Chempionatning eng qimmat futbolchisi “Galatasaroy” hujumchisi Viktor Osimhen bo‘lib, uning narxi 75 million yevroga teng. “Fenerbahche” yarim himoyachisi Matteo Genduzi ikkinchi pog‘onadan joy olgan — 28 million yevro. Barish Yilmaz (“Galatasaroy”) esa kuchli uchlikka yakun yasagan — 26 million yevro.
O‘zbekistonlik futbolchilarning umumiy ro‘yxatida transfer narxi bo‘yicha yaqqol yetakchi Abduqodir Husanov hisoblanadi. “Manchester Siti”ning 22 yoshli markaziy himoyachisi 35 million yevroga baholangan va nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining eng qimmatbaho o‘yinchisi sifatida qayd etilgan. Husanovdan keyingi o‘rinlarda aynan Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev joylashgan.













