Bilbaoning «Atletik» klubi vingeri Niko Uilyams kelayotgan yozda jamoasini o‘zgartirishi mumkin. «El Nacional» nashrining xabar berishicha, basklar klubi 23 yoshli futbolchining joriy mavsumdagi o‘yinidan unchalik mamnun emas, shu sababli bo‘lajak transfer oynasida uni sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor. Futbolchining shartnomasida tovon puli 95 mln yevro qilib belgilangan bo‘lsa-da, «Atletik» bundan kamroq summa so‘rashi kutilmoqda.
«Transfermarkt» portali Niko Uilyamsning narxini 60 mln yevroga baholagan. O‘tgan yilning yozida ispaniyalik futbolchi «Barselona»ga o‘tishdan bosh tortgan va hozirgi klubi bilan shartnomasini 2035 yilgacha uzaytirgan edi. Joriy mavsumda Yevropa chempioni barcha turnirlarda 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 6 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.













