"Arsenal" himoyachisi Rikardo Kalafyori faoliyatini yana A Seriyada davom ettirishi mumkin. Italiyalik futbolchiga o‘z vatanidan jiddiy qiziqishlar paydo bo‘ldi.
TEAMtalk nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, "Inter" va Italiyaning bir qator boshqa jamoalari Rikardo Kalafyorini o‘z saflariga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. Kalafyori "Arsenal"dan ketish variantini ko‘rib chiqishi mumkin, chunki u chap qanotda emas, balki ko‘proq markaziy himoyachi pozisiyasida o‘ynashni istaydi.
Rikardo Kalafyori 2024 yilda "Bolonya"dan "Arsenal"ga 43 million yevro evaziga o‘tgan edi. Uning "kanonirlar" bilan shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan. Joriy mavsumda italiyalik futbolchi London klubi safida barcha turnirlarda 28 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali Kalafyorining qiymatini 50 million yevroga baholamoqda.













