“Manchester Yunayted”ning sobiq hujumchisi Maykl Ouen bosh murabbiy Maykl Kerrik qo‘l ostida jamoa chempionlik darajasidagi o‘yin ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Bu haqda u Daily Mail nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Agar chempionat aynan Kerrik jamoani qabul qilib olgan paytda start olganida, "Manchester Yunayted" hozir turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan bo‘lardi. Ayni damda mavsumning uchdan bir qismi ortda qolgan va ‘qizil iblislar’ ishonchli tarzda birinchi o‘rinda borayotgan bo‘lardi. Biz esa: ‘Ular APL chempioni bo‘la oladimi?’ degan savolni o‘rtaga tashlayotgan bo‘lardik”, deydi Ouen.
Ma’lumot uchun, Maykl Kerrik bosh murabbiy etib tayinlanganidan buyon jamoa 10 ta uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu bahslarning 7 tasida g‘alaba qozonildi, 2 marta durang qayd etildi va faqat bir bor mag‘lubiyatga uchraldi. Shuni ham qayd etish kerakki, so‘nggi uchta o‘yinning ikkitasida manchesterliklar ochko yo‘qotishdi.
Angliya Premyer Ligasining 31-turidan so‘ng “Manchester Yunayted” 55 ochko bilan musobaqa jadvalining uchinchi pog‘onasida bormoqda. Turnirda esa 70 ochko jamg‘argan “Arsenal” yaqqol peshqadamlik qilmoqda.













