Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/03 00:45 Fiorentina 1-1 Inter
23/03 01:00 Real Madrid 3-2 Atletiko

Prezident Yangi Toshkent stadioni qurilishini ko‘zdan kechirdi

Prezident Yangi Toshkent stadioni qurilishini ko‘zdan kechirdi

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 mart kuni Yangi Toshkentda barpo etilayotgan  yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadionining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu zamonaviy sport majmuasiga o‘tgan yilning 11 noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan tamal toshi qo‘yilgan edi.

Ayni paytda o‘yingoh qurilishi jadal davom etmoqda. Jumladan, yerni tekislash ishlari to‘liq yakunlangan. Poydevor quyish ishlari to‘qson besh foizga bajarilgan. Qurilish joyiga metall-konstruksiya materiallari bosqichma-bosqich keltirilmoqda.

Qayd etish kerak, keyingi yillar mamlakatimiz futbol sohasida tub burilish davri bo‘ldi. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, 2017 yilda yurtimizda FIFA va Osiyo futbol konfederasiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta bo‘lgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.

Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari ta’mirlanib, 1 milliondan ziyod o‘quvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Yoshlar o‘rtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini an’anaviy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bera boshladi.

Futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoamiz Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tariximizda birinchi marotaba milliy terma jamoamiz joriy yilda bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘tgan yilning 2 oktyabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027 yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni shu maqsadda qurilmoqda. Qiymati 100 million dollarlik ushbu o‘yingoh qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi.

Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etilmoqda. Majmua Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.

Mazkur inshoot nafaqat 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi rivoji uchun xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbariga qurilish jarayoni haqda batafsil ma’lumot berildi.

55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Yangi Toshkent stadioni 6 qavatli bo‘ladi, unda nafaqat sportchilar, balki tashrif buyuruvchilar va matbuot xodimlari uchun ham keng qulayliklar yaratiladi. Tomoshabinlar stadionga tez fursatda kirib-chiqishlari uchun o‘ndan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Hududda yana qo‘shimcha 3 ta mashg‘ulot maydoni bo‘ladi. Stadion yaqinida metro bekati barpo etiladi. 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh quriladi.

Prezidentimiz bunday katta sig‘imli yopiq stadion mamlakatimizda ilk bor bunyod etilayotgani uchun har bir jihatga ahamiyat berish zarurligini ta’kidladi. Stadion atrofini obodonlashtirish ishlarini hozirdan rejalashtirib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi.

Manba: president.uz
Kiritildi: 22:32, 24.03.2026.
O'qildi: 332 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик