“Manchester Siti” va Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Holand nodir tarixiy asarni sotib olib, uni o‘zining tug‘ilib o‘sgan shahar aholisiga hadya qildi. Bu haqda Stavanger Aftenblad nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil dekabr oyida Holand otasi Alfi bilan birgalikda Snorre Sturlasonning 1594-yilda chop etilgan “Qirollik sagalari” asarining nodir nusxasini 1,3 million kron (taxminan 135 ming dollar) evaziga sotib olgan. Ushbu qadimiy nashr Time hududi ma’muriyatiga sovg‘a sifatida topshirilgan.
Futbolchining ta’kidlashicha, u mutolaaga u qadar ishqiboz bo‘lmasa-da, ushbu asar hamma uchun ochiq bo‘lishini istagan:
“Kitob o‘qishga unchalik ishqiboz emasman, lekin bu asar hamma uchun ochiq bo‘lishini istayman. Odamlar o‘zimizning Bryune va Yeren kabi qadrdon go‘shalarimiz tarixi, bu yerlik ajdodlarimiz haqida mutolaa qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak”, deydi Holand.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum 25 yoshli futbolchi “Manchester Siti” libosida jami 43 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 30 ta gol va 7 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan shartnomasi 2034-yilga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali hujumchining qiymatini 200 million yevroga baholamoqda.













