«Real Sosyedad» darvozaboni Aleks Remiro «Barselona» tomonidan bo‘layotgan qiziqish haqida gapirdi. Avvalroq Kataloniya klubi mavsum yakunida 31 yoshli posbonni o‘z safiga qo‘shib olish variantini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
«Men bor e’tiborimni «Real Sosyedad»ga qaratganman. Bu yerda o‘zimni juda qulay his qilyapman va baxtliman. Albatta, ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvlar tufayli bu haqda eshitdim. Ammo men hech narsa bilmayman, bu borada umuman gaplashganim yo‘q.
Ispaniya Kubogi finalida o‘ynash va unda g‘alaba qozonish, bu quvonchni muxlislarimiz bilan birga baham ko‘rish imkoniyati... Men boshqa narsa haqida o‘ylab ham ko‘rganim yo‘q. Lekin nima sodir bo‘lishini hech qachon oldindan bilib bo‘lmaydi», — dedi Remiro La Sexta nashriga bergan intervyusida.













