Fransiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham «uch ranglilar»ning bo‘lajak JCH-2026 uchun oldiga qo‘ygan maqsadi haqida gapirib berdi.
«Men hozir o‘z kelajagim haqida o‘ylayotganim yo‘q. Mundialdagi maqsadimiz — imkon qadar uzoqroqqa borish. Jamoa ushbu turnirga o‘zining eng yaxshi formasida yetib kelishi juda muhim», — deya mutaxassisning so‘zlarini keltiradi RMC Sport.
Avvalroq, ushbu turnir Desham uchun Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi oxirgisi bo‘lishi haqida xabar berilgan edi. Uning o‘rnini afsonaviy Zinedin Zidan egallashi kutilmoqda.
Fransiya terma jamoasi «I» guruhidan joy oldi va u yerda Senegal hamda Norvegiyaga qarshi bahs olib boradi. Guruhdagi yana bir jamoa nomi o‘tish o‘yinlaridan so‘ng ma’lum bo‘ladi.













