Hujumchi Serdar Azmun Eronda AQSH va Isroilga sheriklik qilishda gumon qilinmoqda. Bu haqda «RIA Novosti» Fars agentligiga tayanib xabar bermoqda.
31 yoshli futbolchi va taniqli musiqachi Mohsen Yagane Eron rasmiylari «terrorchi Amerika-Sionist dushmani bilan hamkorlik qiluvchi yollanma ishchilar» yoki «yollanma ishchilarni qo‘llab-quvvatlovchilar» deb ataydigan 16 kishilik ro‘yxatga kiritilgan. Ularning barchasi hozirda chet elda istiqomat qiladi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hukumati Serdar Azmunning mamlakat hududidagi mol-mulkini musodara qilmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni AQSH va Isroil koalisiyasi Eronga hujum qilgan edi. Bunga javoban Islom Respublikasi mintaqadagi Amerika va Isroil ittifoqchilariga — jumladan BAA, Qatar va Saudiya Arabistoniga zarbalar berishni boshladi. Vaziyat keskinlashgani fonida Eron terma jamoasi JCH–2026 doirasidagi o‘z o‘yinlarini AQSHdan Meksikaga ko‘chirishni so‘ragan, biroq FIFA hozircha bu so‘rovni qabul qilmadi.













