«Real Madrid»ning Rodri borasidagi pozisiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda — Madrid klubi hamon «Manchester Siti» yarim himoyachisini sotib olish niyatida emas. Bu haqda As nashri xabar bermoqda.
Avvalroq ispaniyalik futbolchi «Real» rejalariga kirmasligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Oradan vaqt o‘tib, Rodri o‘z intervyusida bunday transfer ehtimolini inkor etmasligini ta’kidlagan: «Ilgari «Atletiko»da o‘ynaganim «Real»da to‘p surishimga to‘sqinlik qilmaydi. Dunyoning eng yaxshi klublariga rad javobini berib bo‘lmaydi — boshqalar ham bu yo‘lni bosib o‘tishgan».
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «Real» rahbariyati hali ham Rodrini yarim himoyani kuchaytirish uchun nomzod sifatida ko‘rmayapti — klubning bu pozisiya uchun boshqa maqsadlari bor.
29 yoshli ispaniyalik futbolchining «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan.













