«Nyukasl» bosh murabbiyi Eddi Xau «Barselona»ning darajasi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Avvalroq «qarg‘alar» Chempionlar Ligasining 1/8 finalida kataloniyaliklarga imkoniyatni boy berib (1:1, 2:7), musobaqani tark etgan edi.
«Hozirgi vaqtda bu Yevropadagi, ehtimol dunyodagi eng kuchli jamoa. Biror-bir jamoa bizdan bu qadar ustunlik qilganini hech qachon ko‘rmaganman, hatto Premyer-liga jamoalari ham, xafa bo‘lishmasin-u, lekin ular (Barselona) mutlaqo boshqa darajada», — dedi Xau.
Angliya chempionatida «Nyukasl» 42 ochko bilan turnir jadvalining 12-pog‘onasini egallab turibdi. Navbatdagi turda Xau shogirdlari safarda «Kristal Pelas»ga qarshi bahs olib boradilar.













