Xalqaro futbol federasiyalari assosiasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Eron milliy terma jamoasi futbolchilari hamda Eron futbol federasiyasi vise-prezidenti Mehdi Muhammad Nabi bilan uchrashdi. Bu haqda Infantino o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“Kosta-Rika jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan Eron milliy terma jamoasi o‘yinchilari bilan uchrashganimdan juda mamnunman. Men futbolchilar, shuningdek, Eron futbol federasiyasining birinchi vise-prezidenti Mehdi Muhammad Nabi bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Eron terma jamoasini Jahon chempionatiga chiqqani hamda Erondagi va butun dunyodagi millionlab insonlarni g‘ururlantirgani bilan yana bir bor tabrikladim. Mamlakat sharafini himoya qilish bu ulkan mas’uliyat, shu bois men o‘yinchilarni o‘z muxlislarini ruhlantirishda davom etishga va jahon arenasida o‘z xalqini orzularini ro‘yobga chiqarishga chaqirdim”, deb yozdi Infantino.
Tashkilot rahbari FIFA mundialga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun Eron terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi:
“Futbol hatto eng murakkab sharoitlarda ham birlik va umid olib keladi. FIFA jamoaning Jahon chempionatiga eng yaxshi holatda tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash uchun ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Men ular butun dunyoga insonparvarlik va birdamlik xabarini yetkazishlarini intiqlik bilan kutaman”.
Avvalroq Infantino murakkab geosiyosiy vaziyatda unga ta’sir o‘tkazish imkonsiz ekanini aytib o‘tgan edi.
Ma’lumot uchun, Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi barcha uchta o‘yinni AQSHda o‘tkazishi belgilangan. Eron jamoasi Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan. Turnir 11 iyundan 19 iyulga qadar bo‘lib o‘tadi, o‘yinlar AQSH, Meksika va Kanadada o‘tkaziladi. Musobaqada ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi.













