Kongo Demokratik Respublikasi 2026 yil 1 aprel, chorshanba kunini butun mamlakat bo‘ylab rasmiy dam olish kuni sifatida e’lon qildi. Bu qaror milliy terma jamoaning JCH-2026 final bosqichiga chiqqani munosabati bilan qabul qilindi.
Rasmiy bayonotda hukumat ushbu natijani «tarixiy yo‘llanma» deya baholab, «Leopardlar» uchun bu katta yutuq ekanini ta’kidladi. Mehnat va bandlik vazirligi esa ushbu kun mamlakat bo‘ylab haq to‘lanadigan dam olish kuni sifatida belgilanganini ma’lum qildi.
«Kongo Demokratik Respublikasi “Leopardlari”ning 2026 yilgi jahon chempionatiga tarixiy yo‘llanma olgani munosabati bilan 2026 yil 1 aprel kuni butun mamlakat hududida rasman dam olish kuni deb e’lon qilinadi», — deyiladi bayonotda.
«Leopardlar» yo‘llanmani pley-off turnirida Yamaykani dramatik tarzda mag‘lub etib qo‘lga kiritdi. Uchrashuv qahramoniga himoyachi Aksel Tuanzebe aylandi — u 100-daqiqada hal qiluvchi golni kiritib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.
Bu gol Gvadalaxaradagi stadionda yig‘ilgan kongolik muxlislar orasida katta bayram kayfiyatini yuzaga keltirdi. Ular uchrashuv davomida o‘z jamoasining hujumlarini katta hayajon bilan kuzatib borishgan edi.
Ushbu natija Kongo DR uchun 1974 yildan beri ilk bor jahon chempionatida ishtirok etish imkonini berdi. O‘sha paytda mamlakat Zair nomi ostida qatnashgan va barcha uchta o‘yinda mag‘lub bo‘lib, to‘plar nisbati -14 bilan musobaqani tark etgan edi.
JCH-2026 qur’asiga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasi K guruhidan joy olgan bo‘lib, Kolumbiya, Portugaliya va O‘zbekistonga qarshi bahs olib boradi.
Shuningdek, Iroq terma jamoasi ham Boliviya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, mundialga yo‘llanma oldi. Bu ularning 1986 yildan beri ilk bor jahon chempionatida ishtirok etishi bo‘ladi.













