“Andijon”ning yangi mavsum uchun amalga oshirgan transferlari orasida gruziyalik Aleksandr Andronikashvili ham bor bo‘lib, u ilk bor chempionatimizda to‘p surmoqda va sifatli legioner ekanligini ko‘rsatmoqda.
Qisqa fursat ichida boshqalar qatori Andronikashvili ham muxlislarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Sandro nomini olgan ushbu futbolchi kuni kecha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
— Sandro: ismingiz boshqacha bo‘lsa-da, Sandro nomi qanday paydo bo‘lgan?
— Aleksandr – katta ism. Gruziyada biz uni qisqartirib Sandro deb ataymiz.
— Mamlakatimiz hamda chempionatimizga ko‘nikib qoldingizmi?
— Ha. Men ham moslashishda hech qanday qiyinchilikka duch kelmadim. Klub, futbolchilar va muxlislar menga bu borada katta yordam berishdi.
— Andijondagi hayotingiz qanday kechyapti?
— Bu yerda yashash juda yoqimli va iliq muhit hukm suradi. Menga yoqdi.
— Bu yerga kelmasdan avval klub bazasi haqida eshitgandingiz. Endi esa uni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib turibsiz. Fikrlaringizni bilmoqchiman.
— Ha, men buni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganimda juda hayratlandim. Hattoki, ko‘plab yuqori saviyadagi Yevropa chempionatlarida ham bunday mashg‘ulot bazasi yo‘q.
— Bu yerdagi va Gruziyadagi turmush tarzi o‘rtasida o‘xshashliklar bormi?
— Albatta, bu yerda ham, Gruziyada ham juda ko‘p xushmuomala va do‘stona odamlar bor.
— Dastlabki 4 ta tur ortda qoldi. Chempionat darajasi haqida nima deya olasiz?
— Mening fikrimcha, bu raqobatbardosh chempionat. Ko‘plab chiroyli gollar urildi va yaxshi lahzalar yaratildi. Bu esa chempionatni yanada qiziqarli qiladi.
— Siz uchun klubdagi eng quvnoq va jiddiy futbolchi kim?
— Eng quvnoq – Ashortiya bilan Cheran. Eng jiddiy – menimcha Jamshid (Boltaboyev).
— “Nasaf”ga qarshi o‘yin yaqinlashmoqda. Tayyorgarlik qanday kechmoqda?
— Bizda ushbu uchrashuvga tayyorlanish uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi. O‘ylaymanki, bo‘lajak o‘yinga biz optimal formada yetib boramiz.













