80 yoshli Mircha Lucheskuning sog‘lig‘i yomonlashdi. "Zenit" va "Shaxtyor" klublarining sobiq murabbiyi Ruminiya terma jamoasi mashg‘ulotida o‘zini yomon his qilganidan so‘ng shifoxonaga yotqizilgan edi. Kasalxona bergan ma’lumotga ko‘ra, u juma kuni o‘tkir miokard infarktini boshdan kechirgan.
Yakshanba kuni ertalab Buxarest universiteti kasalxonasi vakillari mutaxassis kechasi yana jonlantirish bo‘limiga (reanimasiya) o‘tkazilganini ma’lum qilishdi.
"Shanba kuni kechqurun bemorda yana jiddiy yurak aritmiyasi kuzatildi, bu kardiologiya bo‘limi navbatchi guruhi tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etildi.
Biroq yakshanbaga o‘tar kechasi aritmiya kuchaydi va muolajalarga bo‘ysunmay qoldi. Bemorning holati yomonlashgani sababli, uni anesteziologiya va intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazish talab etildi.
Hozircha yangi o‘zgarishlar yo‘q. Vaziyat taqozo etsa, yana rasmiy ma’lumot beramiz", — deyiladi yakshanba kuni ertalab e’lon qilingan shifoxona press-relizida.













