"Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yelichich Superliganing 7-turi doirasida "Dinamo"ga qarshi o‘yin borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
— Bu o‘yindagi ko‘p jihatlarimiz menga yoqdi, ammo yoqmagan jihatlar ham ko‘p bo‘ldi. Biz buni ko‘rib chiqamiz, albatta.
— Temurxo‘ja Abduxoliqov o‘tgan yili «Bunyodkor»da o‘ynaganida ham Samarqandda ikkita gol urgandi. Siz buni ham hisobga olganmidingiz?
— U hozir yaxshi jismoniy holatda. Odatda men bunday statistikalarni kuzatmayman. Temurxo‘ja tajribali hujumchi va bunday holatlarda nimalar qilish kerakligini biladi. U bugungi bosimga boy o‘yinda ham o‘zini ko‘rsata oldi. U shu yoshida ham shunday tempda o‘ynayotgani tahsinga loyiq.
— «Dinamo»ning golida «Lokomotiv» futbolchilari nimani talab qilishdi? Ular rostdan ham halol o‘yinni so‘rashganmidi?
— Hattoki zaxirada o‘tirgan futbolchilar ham feyr-pleyga amal qilishlari kerak. Bunday holatda hakam o‘yinni to‘xtatishi kerak edi. Bu paytda istalgan futbolchi to‘xtab qolardi.
— «Dinamo»ning qanday nozik tomonlarini ko‘rgandingiz?
— Jamoa hujumda agressiv o‘yin ko‘rsatadi. Biz esa bundan o‘z ustunligimiz yo‘lida foydalanishimiz kerak edi. Jamoa hujumga o‘tar ekan, ularning ayrim hududlari ochiq qoladi va bundan foydalanib ketish mumkin bo‘ladi. Faqatgina himoyada o‘ynaydigan jamoaga qarshi o‘ynash doimo qiyin bo‘lgan. Raqib hujumkor futbol o‘ynashni istar ekan, ular bilan futbol o‘ynashning iloji bo‘ladi.
— Ya’ni, bunday jamoalarga qarshi o‘ynash osonroq bo‘ladimi?
— Ha, desak ham bo‘ladi. Biroq raqib tarkibida mahoratli futbolchilar ko‘p edi va ularga qarshi turib berish oson bo‘lmadi. Shunchaki ular o‘yinning tempini saqlab qolishga tayyor bo‘la olishmadi. Lekin ular hujumkor o‘yinni qurayotgani juda yaxshi holat. Biz uchun ham yaxshi, hududlar ochiladi.
— Hisob 2:0ga yetgandan keyin Siz atay e’tiborni himoyaga qaratdingizmi yoki «Dinamo» hujumdagi agressiyani oshirdimi?
— Ikkisi ham. Bunday paytda odatda jamoalar e’tiborni himoyaga berib, hisobni saqlashga o‘ynaydi. Lekin bu atayin bo‘lmaydi, bosim oshib ketadi. «Dinamo» hujumkor futbol o‘yin ko‘rsatganidan biz foydalanib ketdik. Shunchaki ularning himoya chizig‘ida katta ochilishlar bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda ham yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lgandik, lekin bundan foydalana olmadik. Aslida bundan maksimal foydalanishni rejalashtirgandik ham. Umumiy olganda o‘yin raqiblarning bosimi ostida o‘tdi.
— Himoyadagi o‘yindan mamnunmisiz?
— Ha. Mamnunman. Xatoliklar bor, buni taxlil qilmasak bo‘lmaydi. O‘yin oldidan biz pozision tartibli o‘yin ko‘rsatishni maqsad qilgandik.
— Bugun «Loko» asosan qarshi hujumda o‘ynadi. Jamoa bugun ikkinchi raqamli bo‘lib o‘ynashni maqsad qilganmidi?
— Biz o‘z o‘yinimizni quryapmiz va bunda raqibning o‘yin uslubiga qaramayapmiz. Bu biroz ochiqroq o‘yin deyiladi. Bu uslub futbolchilarga ham ma’qul keldi. Bunday futbolda bizda ham ochiq hududlar bo‘ladi. Men jamoamning shunday futbol ko‘rsatishiga tayyorman.
— Siz uzoq vaqt mobaynida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishladingiz. Qo‘l ostingizdagi futbolchilarning jismoniy holati Sizning talablaringizga qanchalik javob bermoqda?
— Yillar davomida yosh yoki yoshi katta futbolchilar bilan qanday ishlaganingiz ham muhim. Shu orqali ular bilan qanday ishlashingizni bilib olasiz. Hali ham O‘zbekistonda ushbu sohani keng qamrovda biladigan mutaxassislar kam. Ish hali ham o‘sha-o‘sha. Yillar davomida futbolchilar o‘zgarsa ham qanday mehnat qilsangiz, shunday mevasini ham olasiz.













