Futbol tarixida shunday buyuk shaxslar borki, ular nafaqat maydondagi o‘yini, balki butun bir davrni belgilab berishi bilan ham yodda qoladi. Ana shunday afsonalardan biri Janluidji Buffon esa darvozabonlik san’atini yangi bosqichga olib chiqqan, barqarorlik va sadoqat timsoliga aylangan siymo hisoblanadi. Yaqinda sportga ixtisoslashgan «51» nashri ijodkorlari bilan kechgan suhbat chog‘ida Jiji germaniyalik ampluadoshi Manuel Noyerga bo‘lgan yuksak hurmati, darvozabonlik falsafasi, vaqt va matonat haqidagi chuqur mulohazalarga boy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Jiji, siz Manuel Noyerdan sakkiz yosh kattasiz. Aytingchi u haqida birinchi marta qachon eshitgansiz?
– Dastlab uni 2011 yil bahorida «Shalke» tarkibida «San-Siro»ga qarshi maydonga tushganida ko‘rgandim. Bungacha esa Noyer haqida hech qayerda eshitmagandim. U jismoniy jihatdan kuchli, bo‘yi baland va juda jo‘shqin ko‘rinardi. To‘g‘risi, Manuelga qarab, o‘zimning «Parma»dagi faoliyatim esimga tushib ketgandi. Chunki, men o‘sha paytlarda har doim darvozadan jasorat bilan chiqib kelardim, xuddi Noyer jarima maydonchasi tashqarisida o‘ynashni yoqtirgani kabi. Shuningdek, uning xulq-atvori, darvozabon uchun kerakli barcha fazilatlarga ega ekanligini darhol sezgandim. Qizig‘i, o‘sha yili Germaniya va Italiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida Noyerning o‘yinini jonli ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim va u menda juda katta taassurot qoldirgandi.
– O‘sha paytlarda uning kelajakda jahon darajasidagi darvozabon bo‘lib yetishishi mumkinligini his qilganmisiz?
– Ishonchim komilki, kelajakda nimalar bo‘lishi mumkinligi haqidagi tasavvurlar maydon tashqarisidagi insonlarda paydo bo‘ladi. O‘yinchilar esa bevosita shu yo‘lni bosib o‘tishadi. Ha, odatda yosh iste’dodlarga hamma katta umid bildiradi va payti kelib, jahon darajasidagi futbolchiga aylanishiga ishonishadi. Bunday munosabat esa iqtidorlarga tasir qilmasligi ular aksincha – kelajakni o‘zlari ko‘ra bilishlari zarur. Ammo haqiqat shundaki, tajriba ortgan sari yuqori saviyani ushlab qolish tobora qiyinlashadi. Ayniqsa, 30-31 yoshlarda jarohatlar soni ortadi va katta ehtimol bilan tanqidlarni ham jimgina eshita boshlaysiz.
– Ammo na siz va na Noyer bunday salbiy munosabatlar harakatdan to‘xtatib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymagansiz…
– Umuman olganda, darvozabonlar maydondagi alohida shaxs, o‘zgacha olam vakillari bo‘lishlari kerak. Aks holda bu pozisiyada muvaffaqiyatga erishish amri mahol. Aytaylik ularda texnika, mahorat va psixologik tayyorgarlik talab darajasida bo‘lishi lozim. Aslida faoliyati davomida yuqori darajada 20-25 yil o‘ynaydiganlar bilan faqat 10 yil bor salohiyatini namoyish etadiganlar o‘rtasidagi farq ham shunda.
– Doimiy oldinga intilishdan qanday zavq olasiz?
– Futbolchilik faoliyatim mobaynida buning uchun doim ikkita sabab bo‘lgan. Birinchisi – jamoadoshlarim. Aniqrog‘i, qariyib 30 yil davomida ularning menga nisbatan ishonishini his qilib kelganman. Ayniqsa, «Jiji bor ekan biz xotirjammiz» degan jumlalari meni oldinga undardi. Ikkinchisi – doimiy ravishda o‘z ustimda ishlash ishtiyoqi. Hozir ishonch bilan ayta olamanki, 38 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan davr ichida avvalgidan ko‘ra yaxshiroq salohiyatga ega bo‘lganman. Chunki bu vaqt ichida juda ko‘p narsalarni to‘g‘ri bajarishni o‘rgandim va doimo yangilanishlar sari yuzlandim. Chunonchi o‘zimni raqobat va qiyin vazifalar bilan qiynash yoqardi.
– Aytingchi, bir jamoa safida uzoq yillar faoliyat olib borish qanchalik qiyin?
– Futbolda ikki xil yondashuv bor. Aytaylik, bir joyda uzoq vaqt qolib, o‘zingni qulay his qilish yoki har 3-4 yilda jamoani almashtirib yangi motivasiyaga ega bo‘lish. Ammo 20 yil davomida top-klubda o‘ynab, doim eng yaxshisi ekaningni isbotlash juda qiyin. Odiy aytganda buni so‘z bilan ta’riflash oson xolos.
– Umuman olganda, Italiya futbolida bir klubga qariyb butun futbolchilik faoliyatini bag‘ishlagan o‘yinchilar juda ko‘p. Masalan, Paolo Maldini qariyb chorak asr «Milan» sharafini himoya qildi, siz deyarli 20 yil Turinda to‘p surdingiz, Franchesko Totti esa 24 yil «Roma»ga sodiq qoldi. Aytingchi, bunday bemisl sadoqatni qanday ta’riflash mumkin?
– Bu faqat futbol emas, balki insonning ichki qadriyatlari, o‘zligini anglashi bilan bog‘liq masala. Aytaylik men shunday fazilat tufayli «Yuventus» quyi ligaga tushirib yuborilgan taqdirda ham klub safida qoldim. Vaholanki, bu orqali karyeramning eng yorqin yillaridan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Ammo o‘sha vaziyatda o‘zim uchun eng muhimi – klubga va uning muxlislariga bo‘lgan sadoqatni saqlab qolish edi. Chunki haqiqiy sadoqat sharoitga qarab o‘zgarmaydi. U aslo murosa tanlamaydi. O‘ylashimcha, Maldini va Totti ham shunday fikrda bo‘lishgan.
– Endi yana darvozabonlar mavzusiga qaytsak: siz bir vaqtlar ampluadoshlaringiz bosimdan qochmaydigan va o‘zini yuqori baholaydigan bo‘lishi kerak degandingiz. Shu fikringizni kengroq tushuntirib bersangiz…
– Darvozabon bo‘lish – bu shunchaki pozisiya emas, balki xarakter masalasi. Aytish joiz bo‘lsa, biz ma’lum ma’noda «mazoxistlarmiz». Ya’ni maydondagi eng og‘ir lahzalarga tayyor turamiz. Agar xato qilsak, bu darhol hisobda aks etadi va tanqid birinchi navbatda bizga qaratiladi. Shunga qaramay, mavjud qiyinchiliklarni bilib turib ham, ortga chekinmaymiz – aksincha, yanada kuchliroq bo‘lishga intilamiz. Shu bilan birga, bizda o‘z kuchimizga nisbatan cheksiz ishonch bo‘lishi lozim. Zotan darvozada turgan payt «Bu zarbani faqat men qaytara olaman», degan tushuncha bo‘lmas ekan mazkur pozisiyada uzoq vaqt muvaffaqiyatli faoliyat olib borish juda qiyin. Chunki har bir seyv – bu nafaqat reaksiya, balki ichki ishonchning ham mahsuli demakdir. Qisqasi, darvozabon bir vaqtning o‘zida ham bosimga chidamli, ham o‘z kuchiga qattiq ishonadigan inson bo‘lishi shart.
– Hozirgi kunda yosh darvozabonlarga qo‘yilayotgan talablar juda yuqori. Bu ularda qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmaydimi?
– Ha, zamonaviy futbol o‘zgargani sayin darvozabonlar zimmasidagi majburiyatlar ham ortib ketdi. Bugungi kunda ular nafaqat qo‘llari bilan, balki oyoqlari bilan ham talab darajasida o‘ynay olishlari kerak. Ko‘ryapmizki, ayni damda to‘pni aniq qabul qilish, hujum boshlash, hatto 70-80 metrga bexato uzatmalar berish ham darvozabonning oddiy vazifasiga aylanib qoldi. Masalan, Noyerni olaylik. Uni zamonaviy darvozabonlar timsoli sifatida e’tirof etishadi. Chunki Manuel oyoq bilan ham juda ajoyib o‘ynaydi. Lekin baribir eng katta kuchi hali ham o‘sha-o‘sha – hal qiluvchi pallada seyv ijro etish va jamoasini qutqarish. Bundan kelib chiqadiki, talablar ma’lum darajada ortgan bo‘lsada, lekin mohiyat o‘zgarmagan: darvozabon avvalo ishonchli qo‘llar sohibi bo‘lishi kerak.
– Aytgancha, Manuyel Noyer bu yil 40 yoshga to‘ladi…
– Men esa bunday navqiron yoshda «PSJ»ga o‘tgandim! Demak, u yana besh yil yuqori darajada o‘ynashi mumkin (kuladi). Yo‘q, aslida qachon to‘xtatish kerakligini u o‘zi hal qilishi kerak. Men Noyerga chin dildan eng yaxshi tilaklarimni bildiraman va ajoyib karyerasi bilan tabriklayman. Maslahatim u mutalqo shoshilmasin va ichki tuyg‘ularga quloq tutsin. Chunki odatda darvozabonlar tez qaror qabul qilishi, lekin bu qaror amalda to‘g‘ri bo‘lishi lozim.
Xurshid YUSUPOV tayyorladi













