Turkiya chempionati 31-turida "Bashakshehir" o‘z maydonida "Qosimposho"ni qabul qilib, yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Mezbonlar safida hamyurtimiz Eldor Shomurodov dubl muallifi bo‘ldi. U 5 va 87-daqiqalarda gol kiritdi. Shuningdek, Bertun Ozgyur (22) va Devi Zelke (81) ham bittadan gol kiritdi.
44-daqiqada mehmonlar himoyachisi Rodrigo Bekao to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi.
Eldor ushbu bahsni to‘liq o‘tkazdi. Abbosbek Fayzullayev sariq kartochkalari ko‘payib ketgani sababli diskvalifikasiya muddatini o‘tadi.
"Bashakshehir" 51 ochko bilan 5-o‘rinda. "Qosimposho" 31 ochko bilan 13-pog‘onaga joylashgan.













