“Bunyodkor” – “Andijon” (1:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov savollarga javob berdi.
— Birinchi navbatda bizni stadionda qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga, bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan viloyatimiz hokimiga va barcha rahbarlarimizga katta rahmat aytamiz. Qolaversa, futbolchilarimizga o‘zlarini eng yaxshi tomonlarini ko‘rsatishgani uchun ularga ham minnatdorchilik bildiramiz. O‘yinga keladigan bo‘lsak, “Bunyodkor”ni o‘z uslubiga va salohiyatli murabbiyga ega jamoaligini bilardik. Shunga qarab qattiq tayyorgarlik ko‘rdik. Reja qilgandik va rejamiz o‘xshadi.
— Futbolda kam uchraydigan holat kuzatildi. Birinchi bo‘limdan keyin birdaniga 4 nafar futbolchini almashtirdingiz. Buning sababi nimada edi?
— Aytganimdek, “Bunyodkor” o‘z uslubiga ega jamoa. Agar ularga bosim qilib futbol o‘ynamasangiz bizga qiyinchilik tug‘dirishi aniq edi. Shuning uchun xohlaymizmi-yo‘qmi, oldingi chiziqqa “nagruzka” tushardi. Birinchi taymdagi futbolchilarimizga bosim bilan ularni o‘z o‘yinini ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymasliklarini tayinlagandik va qo‘ldan kelganicha harakat qilishdi. A’lo darajada ham o‘ynashdi, desak bo‘ladi. 30-daqiqaga kelganda oldingi chiziqda charchoq alomatlari sezildi. Shu sababli ikkinchi bo‘limda yangi kuchlarni tushirdik.
— Qishda transfer qilingan Martin Boakeni maoshi ham katta deb eshitdik. U “Mash’al”ga qarshi o‘yindan keyin hali gol urgani yo‘q. Uning o‘yinini qanday baholaysiz?
— Martin Boakeni bu yerga qanday kelib qolganini ochig‘i men bilmayman. Shtabda bor edim, ammo muzokaralarda ishtirok etmaganman. Boake salohiyatli hujumchi. Agar undan to‘g‘ri foydalansak havodagi to‘plarda doim ilg‘or. Birinchi bo‘limda ikkala qanot o‘yinchilarimizga ko‘proq havodan uzatmalarni oshirishlarini aytganmiz. Martinning kuchli tarafidan foydalanishga harakat qildik. To‘pni yaxshi saqlagani uchun uni ikkita o‘yinchi qo‘riqladi.
— “Bunyodkor” “Andijon” uchun noqulay raqib edi. Buni statistika ham ko‘rsatib turgandi...
— Bu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda statistikaga qaramagandim. Faqat bor e’tiborimizni “Bunyodkor” bilan uchrashuvga qaratgandik. Raqibni o‘rganib chiqib, iloji boricha ularni o‘z ustunligidan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildik.
— Bugun Bekzod Sulaymonovga imkoniyat berdingiz. Shuningdek, “Andijon” U21 jamoasida yana bir o‘yinchi o‘zini ko‘rsatyapti. Bu Xamidullo Karimov. U yoshlar chempionatida to‘purar bo‘lib turibdi. Unga ham imkoniyat berib ko‘rasizmi?
— Albatta. Aslida bu yerda 4 ta o‘yinga imkoniyat berilgan. Jamoada qancha vaqt ishlashimni hali bilmayman. Shuning uchun avval aniq qilib olganimizdan keyin yoshlar jamoasidagi o‘yinchilarimizga imkoniyat berib boramiz. Karimovning potensialini bilaman. O‘yinlarga borib tomosha qilaman. Xudo xohlasa, asta-sekin ularni ham jalb qilib boramiz. O‘tgan yili birinchi ligada o‘ynagan yigitlardan 8 nafar atrofidagi yigitlar o‘rinbosarlar safiga o‘tishgan. Yaxshi, salohiyatli o‘yinchilar bor. U21 jamoamizda yaxshi futbolchilar ko‘p. Ular bejizga yuqori o‘rinlarda emas.
— Samvel Babayan ishlagan paytda u o‘yinlardan keyin o‘yinimiz bor, ammo omadimiz kelmayapti deb aytardi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar ruhiy tomondan ta’sir qiladi. Bu g‘alaba ularga qanchalik yordam beradi, deb o‘ylaysiz?
— Ochig‘i, bu g‘alabada hamma katta mehnat qilyapti. Murabbiylar shtabi, shifokorlar, administratorlar va boshqalar bu g‘alabani ortidan mehnat qilishyapti. Qator mag‘lubiyatdan so‘ng o‘yinchilar tushkunlikka tushib qolishgandi. Shu sababli avval ularni ruhiy tomonlama ko‘tarishga harakat qildik. Mashg‘ulotlarimizda ichki raqobatni ham kuchaytiryapmiz. Ana shunda raqobatbardosh jamoa bo‘la olamiz. O‘tgan safargi durang ancha ishonch berdi. Bugungi g‘alaba yanada ishonch beradi. O‘yindan-o‘yinga yanada yaxshilab boramiz.
— Azimov, G‘ulomov va Komilov o‘rinbosarlar safida o‘ynab kelishyapti. Ularni asosiy tarkibga qaytarish rejangizda bormi?
— Hammasi rejamizda bor. Ular jamoamiz bilan birgalikda ishlashyapti. O‘zlarini yaxshi tomonlama ko‘rsatishyapti. Meni boshchiligimda ikkita o‘yin o‘tdi. Ishni yana davom ettiradigan bo‘lsak, ularga ham imkoniyat beriladi. O‘rinbosarlar tarkibiga esa ularga o‘yin amaliyoti bo‘lishi uchun tushiryapmiz. Asosiy mashg‘ulotni esa asosiy jamoa bilan qilishyapti.













