O‘zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov milliy jamoamizning Jahon chempionati oldidan o‘tkazadigan yig‘inlari va o‘rtoqlik uchrashuvlari tafsilotlarini ochiqladi. Rejaga ko‘ra, tayyorgarlik jarayoni uch bosqichdan iborat bo‘ladi.
1-bosqich: Toshkentdagi yig‘in va mahalliy sinov
Terma jamoa a’zolari 5 maydan 26 mayga qadar Toshkentdagi milliy futbol markazida yig‘iladilar. Ushbu bosqichda futbolchilarning jismoniy holatini tiklashga e’tibor qaratiladi va Superliga klublariga qarshi uchta nazorat uchrashuvi o‘tkaziladi.
2-bosqich: Shimoliy Amerikadagi moslashish (adaptasiya)
26 may kuni jamoa Nyu-Yorkka yo‘l oladi. 30 mayga qadar davom etadigan ushbu qisqa yig‘indan so‘ng, vakillarimiz Kanadaning Edmonton shahriga yo‘l olishadi.
-
1 iyun: Kanada terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi.
Uchrashuvdan so‘ng jamoa yana Nyu-Yorkka qaytib, bir hafta davomida mashg‘ulotlarni davom ettiradi.
3-bosqich: So‘nggi nazorat o‘yini va Atlantaga ko‘chish
8 yoki 9 iyun kunlari terma jamoamiz Yevropa vakillaridan biriga qarshi navbatdagi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi. Hozirda raqib tanlash bo‘yicha muzokaralar yakuniy pallaga kirgan.
10 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati davomidagi asosiy qarorgohi — Atlanta shahriga yetib boradi. Aynan shu yerda Kolumbiyaga qarshi start o‘yini oldidan so‘nggi mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston MTJning tayyorgarlik taqvimi:
| Sana | Tadbir / Raqib | Manzil |
| 5 – 26 may | O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini va 3 ta nazorat o‘yini | Toshkent |
| 26 – 30 may | Xorijiy yig‘inning boshlanishi | Nyu-York, AQSH |
| 1 iyun | Kanada — O‘zbekiston (O‘rtoqlik o‘yini) | Edmonton, Kanada |
| 2 – 9 iyun | Mashg‘ulotlar va Yevropa jamoasi bilan o‘yin | Nyu-York, AQSH |
| 10 iyun | JCHdagi asosiy bazaga joylashish | Atlanta, AQSH |
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor ishtirok etayotgan Jahon chempionatidagi yurishini 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi bahs bilan boshlaydi.













