Superliganing 10-turi doirasida kechgan «Andijon» — «Dinamo» (2:1) uchrashuvidan so‘ng samarqandliklar ustozi Vadim Abramov mag‘lubiyat sabablari va jamoadagi ichki muhit haqida kutilmagan bayonotlar berdi.
«Mag‘lubiyatga o‘z xatolarimiz sabab»
Tajribali mutaxassis jamoasining o‘yin davomida hisobda oldinga chiqib olib, yakunda imkoniyatni boy berganini ruhiy ishonchsizlik va qo‘pol xatolar bilan izohladi.
«Bahsni ko‘pchilik ko‘rdi, kichik hisobda mag‘lub bo‘ldik. Bunday holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. O‘z xatolarimiz tufayli gol o‘tkazib yuboryapmiz. Gol urdik, ammo keyin darvozamizdan to‘plar olib chiqishga majbur bo‘ldik. O‘zimiz o‘yinni raqibga topshirib qo‘ydik. «Andijon» bizdan kuchli o‘ynamadi, lekin ular g‘alaba qozonishdi», — dedi Abramov.
Maoshsizlik va futbolchilarning ruhiy holati
Matbuot anjumanida jamoadagi moliyaviy muammolar va futbolchilarning maydondagi agressiv harakatlari mavzusi ham chetda qolmadi. Ayniqsa, Anvar Hojimirzayevning qizil kartochka olishi murabbiy tomonidan maoshlarning berilmayotgani bilan bog‘landi.
«O‘yinchilarni to‘g‘ri tushunaman. Anchadan beri oylik maosh olmagan futbolchida har xil ruhiy holatlar yuz beradi. Muammolarimiz yetarlicha. Kimdir ketmoqchi, yana kimdir boshqa fikrda. Bunday vaziyatda ularni ayblash ham qiyin», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Tarkibdagi yo‘qotishlar va FIFAga ehtimoliy da’volar
Jamoa yetakchilaridan biri Xislat Xalilov va braziliyalik legionerning klubni tark etgani haqidagi xabarlarga Abramov oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy yetishmovchilik klubni og‘ir ahvolga solib qo‘ygan.
«Ular kelishdi, ko‘rishdi va oylik berilmayotgani uchun o‘ynamaydigan bo‘lishdi. Pulimiz bo‘lmasa, nima ham qila olardik? Legioner ketdi va menimcha, FIFAga murojaat qilsa kerak. Xislat Xalilov ham ketmoqchi ekanini aytdi, men rozi bo‘ldim. Xohlamagan o‘yinchini majburlab o‘ynatib bo‘lmaydi. Jamoada faqat o‘zini emas, butun kollektivni o‘ylash kerak», — dedi Vadim Abramov.
Eslatib o‘tamiz, «Dinamo» ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng turnir jadvalida 15-o‘ringa tushib ketdi.













