2023 yilning avgust oyida Harri Keyn 95 million yevro evaziga "Tottenxem"dan "Bavariya"ga ko‘chib o‘tgan edi. O‘sha paytda angliyalik hujumchining bunchalik katta mablag‘ga loyiqligi borasida shubhalar bor edi, biroq u qisqa vaqt ichida barcha shubhalarni yo‘qqa chiqardi.
Oradan uch mavsum ham o‘tmay, Harri Keyn "Bavariya" tarixidagi eng yaxshi 10 ta to‘purar qatoridan joy oldi. Ayni damdagi holatga ko‘ra, Keyn Myunxen klubi safida barcha musobaqalarda jami 139 ta gol urishga ulgurdi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Keyn hozirda "Bavariya" tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatining 10-pog‘onasini Jovane Elber bilan bo‘lishib turibdi. Keyn bu natijaga Germaniyaning rekordchi klubi safida uchta to‘liq mavsum o‘tmasdanoq erishdi!
"Bavariya" tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatini Gerxard Myuller boshqarib bormoqda — u myunxenliklar uchun barcha turnirlarda hayratlanarli 570 ta gol kiritgan.
Agar Keyn jarohatlardan omon bo‘lsa, ushbu mavsumda hatto 7-o‘ringa ko‘tarilib olishi ham haqiqatga yaqin — hozirda bu o‘rinni 145 ta gol bilan Diter Xyoness egallab turibdi.














