«Liverpul» klubi sobiq himoyachisi Jeymi Karrager «Manchester Yunayted» rahbariyatiga Maykl Kerrikni kelasi mavsumda ham bosh murabbiy lavozimida qoldirishni taklif qildi.
«Agar Maykl Kerrik kelasi mavsumda "Manchester Yunayted"ni boshqarsa, APL yoki Chempionlar ligasidagi raqiblardan birortasi ham bundan xavotirga tushmaydi. Boshqa Yevropa grandlarining hech biri Kerrikni o‘z bosh murabbiyligiga nomzodlar ro‘yxatiga kiritmagan bo‘lardi, hatto "Yunayted" muxlislari ham nihoyat ser Aleks Fergyusonning vorisi topilganiga shubha bilan qarashmoqda.
Biroq "Yunayted" rahbariyati turli variantlarni ko‘rib chiqayotgan bir paytda, Kerrik — shu yozda bosh murabbiylik uchun ideal nomzod. Chunki hozirgi vaqtda klubga aynan u kerak. Bu kelajakni ko‘zlagan holda qisqa muddatli istiqbol uchun oqilona qarordir.
So‘nggi to‘rt oy ichida Kerrik o‘zi va klub rahbariyati uchun futbolda topilishi eng qiyin bo‘lgan resursni — vaqtni ta’minlab berdi. U normal muhitni qaytardi. Bu har qanday klub uchun, ayniqsa eng yiriklaridan biri uchun baholab bo‘lmaydigan sifatdir.
Kerrik o‘z tajribasidan kelib chiqib vaqtinchalik yoki doimiy lavozimga loyiqmi, degan mavzuda uzoq bahslashish mumkin. Ammo u shunday muhit yaratdiki, unda futbolchilar mashg‘ulot va o‘yinlardan zavq olishmoqda, murabbiy va uning shtabi bilan yaxshi munosabatlarni saqlab turishibdi.
Hozirgi murabbiy mashhur nomga ega emasligi uchungina uni almashtirishga shoshilishdan nima naf? Ayniqsa, murabbiylik bozorining hozirgi holatini inobatga olsak», — deb yozadi Jeymi Karrager.













