«Arsenal» va «Barselona»ning sobiq hujumchisi Tyerri Anri 2026 yilgi jahon chempionati favoritlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Avvalo, amaldagi chempion Argentinaga katta hurmat bildirish kerak. Bu hali ham kuchli jamoa, ularda 10-raqam ostida Lionel Messi o‘ynaydi. Keyin Fransiya bor — bizda juda kuchli milliy jamoa, oxirgi ikki finalgacha yetib borganmiz. Va nihoyat, Ispaniya. Men hayratdaman, ularda qanday futbolchilar bo‘lishidan qat’i nazar, jamoa har doim bir xil uslubda — juda ko‘rkam va nazoratli o‘ynaydi, ulardan to‘pni olib qo‘yish juda qiyin», — dedi Tyerri Anri Marca nashriga bergan intervyusida.
Jahon chempionati 2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika hududida o‘tkaziladi. Bu turnir tarixda birinchi marta 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan formatda bo‘lib, ular 12 ta guruhga bo‘linadi (har birida 4 tadan jamoa).













