Londonning «Arsenal» klubi darvozaboni David Rayya Chempionlar ligasi finaliga yo‘l olgandan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ispaniyalik posbon yarim finalning «Atletiko» Madridga qarshi javob uchrashuvida (1:0) «kanonirlar» darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga yordam berdi.
«Bu haqiqatga aylangan orzu. Gap faqat men haqimda emas — biz bunga umumiy harakatlarimiz bilan erishdik. Chempionlar ligasining ushbu mavsumida biror marta mag‘lub bo‘lmadik va juda kam gol o‘tkazib yubordik. Bu barchamiz va butun klub uchun ajoyib yutuq», — dedi Rayya CBS Sports nashriga bergan intervyusida.
Mikel Arteta jamoasi Yevropaning eng nufuzli turnirining joriy mavsumida o‘tkazilgan 14 ta uchrashuvda o‘z darvozasidan atigi 6 ta to‘p olib chiqdi. «Arsenal»ning finaldagi raqibi bugun bo‘lib o‘tadigan «Bavariya» va «PSJ» o‘rtasidagi bahsda aniqlanadi.













