«Komo» sport direktori Karlos Alberto Ludi jamoa yarim himoyachi Nikolas Pasni o‘z safida saqlab qolmoqchi ekanligini ma’lum qildi.
«Biz Niko Pasni yana bir mavsumga qoldirmoqchimiz. Tez orada bu borada «Real» bilan muzokara o‘tkazamiz», — dedi Ludi Corriere dello Sport nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, «Real» Madrid Nikolas Pasni qayta sotib olish niyatida — klublar o‘rtasidagi kelishuvda bunday band mavjud. Argentinalik futbolchi 2024 yilda «Real»dan «Komo»ga 6 million yevro evaziga o‘tgan edi. Uning amaldagi shartnomasi 2028 yilning 30 iyunigacha mo‘ljallangan.
Joriy mavsumda yarim himoyachi Italiya klubi safida barcha turnirlarda 39 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













