Madridning “Real” klubida Federiko Valverde va Orelyen Chuameni o‘rtasidagi mojarodan keyingi keskinlik tobora kuchaymoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, “qaymoqranglilar”ning bir nechta futbolchisi bosh murabbiy Alvaro Arbeloaga jamoa ichida yangi mojarolarning oldini olish maqsadida navbatdagi mashg‘ulotni bekor qilish bo‘yicha murojaat qilgan. Biroq mutaxassis bu taklifni rad etgan, chunki klub “Barselona”ga qarshi bo‘lajak “el-klasiko”ga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
Xabar qilinishicha, madridliklar kiyinish xonasidagi muhit hanuz juda tarangligicha qolmoqda. Jamoa ichida bir-biri bilan kelishmovchilikda bo‘lgan bir nechta guruh shakllangani aytilmoqda.
Shuningdek, bunday to‘qnashuvlar avval ham kuzatilgani, ammo so‘nggi holat eng jiddiysi bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Chunki mojarodan keyin Valverde shifoxonaga olib ketilgan.
“Real” rahbariyati har ikki futbolchiga nisbatan ichki intizomiy ish ochgan. Ispaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, klub tekshiruv yakuniga qadar Valverde va Chuamenini vaqtincha jamoadan chetlatish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.
Bunday qaror qabul qilinsa, har ikki o‘yinchi ham “Barselona”ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin.
Shuningdek, ayrim futbolchilar Arbeloaning ish uslubidan norozi ekani aytilmoqda. Murabbiy bilan avval ham kelishmovchilikka borgan o‘yinchilar orasida Dani Sebalyos nomi tilga olingan.













