Madridning "Real" klubi hujumchisi Kilian Mbappe joriy mavsumning qolgan uy uchrashuvlarida ishtirok etish niyatida emas.
Fransiyalik forvard La Liganing 35-turi doirasida "Kamp Nou"da kechgan "El-Klasiko"ni (0:2) o‘tkazib yubordi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 24 apreldan beri jarohati bilan band bo‘lgan futbolchi "Barselona"ga qarshi o‘yindan bir kun avvalgi mashg‘ulot yakunida o‘zida noqulaylik sezgan. Biroq, boshqa bir talqinga ko‘ra, Kilian o‘yinni zaxirada boshlashini bilgach, mashg‘ulotni tark etgan.
The Athletic nashrining xabar berishicha, Mbappe mavsum oxirigacha "Santyago Bernabeu"da maydonga tushishdan qochmoqchi. Bunga madridlik muxlislar tomonidan uning manziliga bir necha bor hushtaklar va norozilik hayqiriqlari yangragani sabab bo‘lmoqda. Qayd etilishicha, hozirda klub shifokorlari va rahbariyati hujumchining jarohatdan qachon to‘liq qutilishi bo‘yicha aniq muddatlarni bilmaydi.
Ma’lumot uchun, "Real" mavsum yakuniga qadar "Ovyedo" (14 may, uyda), "Sevilya" (17 may, safarda) va "Atletik" (24 may, uyda) jamoalariga qarshi bahs olib boradi.













