Dik Advokat yana Kyurasao terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi, deb xabar bermoqda Kyurasao futbol federasiyasi (FFK).
78 yoshli mutaxassis fevral oyida qizining sog‘lig‘idagi jiddiy muammolar tufayli milliy jamoani tark etgan edi va uning o‘rniga Fred Ryutten bosh murabbiy etib tayinlangandi. 11 may kuni Ryutten iste’foga chiqqani ma’lum bo‘ldi. U o‘z qarorini jamoada bo‘linish manbai bo‘lishni va Jahon chempionatiga tayyorgarlikka xalaqit berishni istamasligi bilan izohladi. Avvalroq futbolchilar va homiylar Advokatni bosh murabbiylik lavozimiga qaytarishni talab qilishgan edi.
FFK prezidenti Gilbert Martinaning so‘zlariga ko‘ra, Advokatning qaytishi avvaldan rejalashtirilmagan — uning nomzodi faqat Ryutten iste’foga chiqqanidan keyin muhokama qilina boshlagan.
"Biz Advokat bilan faqat dushanba kuni, uning imkoniyatlarini baholash uchun bog‘landik va bu Fred yakshanba kuni iste’foga chiqqanidan keyin yuz berdi. Fredning ketish qarori butunlay boshqa sabablar bilan bog‘liq", — dedi Martina.
Kyurasao terma jamoasi 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan JCH-2026 turnirida ishtirok etadi. Guruh bosqichida Kyurasao jamoasi Germaniya, Ekvador va Kot-d'Ivuar bilan kuch sinashadi. Advokat futbol bo‘yicha Jahon chempionatlari tarixidagi eng yoshi katta bosh murabbiyga aylanadi.













