Dik Advokat Kyurasao milliy futbol jamoasi bosh murabbiyi sifatida qaytdi va jahon chempionatlari tarixidagi eng yoshi katta murabbiyga aylanadi.
78 yoshli niderlandiyalik mutaxassis avvalroq Kyurasao terma jamoasini tarixda ilk bor jahon chempionatiga olib chiqqan edi. Biroq 2026 yil fevral oyida qizining sog‘lig‘i bilan bog‘liq sabablar tufayli lavozimni tark etgan.
Uning o‘rniga Fred Ryutten tayinlangan, ammo jamoa Avstraliyaga (1:5) va Xitoyga (0:2) qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida yirik mag‘lubiyatlarga uchradi. Shundan so‘ng Ryutten federasiya bilan muzokaralardan keyin iste’foga chiqqan.
Ma’lum qilinishicha, futbolchilar Advokatning qayta qaytishini istashgan va qizining ahvoli yaxshilangach, u yana jamoani boshqarishga rozi bo‘lgan.
JCH-2026da Kyurasao ilk bor final bosqichida ishtirok etadi. Jamoa "E" guruhidan joy olgan bo‘lib, Germaniya, Ekvador va Kot-d’Ivuarga qarshi o‘ynaydi.
Advokat uchun bu jahon chempionati faoliyatidagi uchinchi mundial bo‘ladi. U avval Niderlandiya (1994) va Janubiy Koreya (2006) terma jamoalari bilan ishlagan.
Ushbu natija orqali u oldingi rekordchi Otto Rexagelni ortda qoldiradi — Rexagel 2010 yilda JCH vaqtida 71 yosh 317 kun edi.













