«Manchester Siti» futbolchisi Mark Gehi «Arsenal»ning o‘yini haqida o‘z fikrini bildirdi. Hozirda «shaharliklar» «kanonirlar»dan bitta zaxira o‘yiniga ega bo‘lgan holda besh ochko ortda qolmoqda. Yaqinda «Arsenal» 80-daqiqada urilgan gol evaziga «Vest Xem» ustidan kichik g‘alabani qo‘lga kiritgan edi.
«Men «Arsenal» va «Vest Xem» o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rmadim va bu borada hech qanday fikrim yo‘q, rostini aytsam. Hammasi o‘zimizga bog‘liq – chempionlik uchun intrigani oxirigacha saqlab qolishimiz kerak. Barcha jamoalar har xil, har kimning o‘z g‘alaba qozonish usuli bor. Men boshqalar qanday o‘ynayotganiga chalg‘ishni xohlamayman. Eng muhimi — o‘zimiz, bor e’tiborni o‘z o‘yinimizga qaratishimiz lozim. Faqat shu yo‘l bilan rivojlanish va muvaffaqiyatga erishish mumkin», – deya City Xtra Gehining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.
Chorshanba kuni Xosep Gvardiola shogirdlari o‘z maydonida «Kristal Pelas»ga qarshi bahs olib boradi.













